Moskva sudi: Marhum Magnitskiy soliq to’lamaganlikda aybdor

  • Amerika Ovozi

Natalya Magnitskaya, korrupsiyaga qarshi olishgan advokat Sergey Magnitskiyning onasi.

Moskva sudi marhum advokat Sergey Magnitskiyni soliq to’lashdan bo’yin tovlaganlikda aybdor topdi. Shu bilan Amerika-Rossiya aloqalarini taranglashtirgan tergov ishi yakunlandi.

Magnitskiy Rossiyada, G’arbga qarashli Hermitage Capital Management sarmoya firmasida ishlab yurgan paytida, rus huquq-tartibot idoralari va soliq organlarini moliyaviy fitnada ayblagan edi.

Uning aytishicha, hukumat idoralari 230 million dollar pulni noqonuniy o’zlashtirgan.

Shundan keyin Magnitskiy soliq to’lashdan bosh tortganlikda aybi bilan qamoqqa olindi. Bir yil o’tib, 2009-yilda, 37 yoshida turmada olamdan o’tgan.

2011-yilda prezident Dmitriy Medvedev tayinlagan huquq kengashi tergov o’tkazib, pankreatit, me’da osti bezi yallig’lanishi bilan og’rigan Magnitskiyga o’limidan oldin tibbiy yordam ko’rsatilmagan, deya xulosa qildi.

Bundan tashqari, deyiladi hisobotda, advokat qattiq do’pposlanish natijasida o’lgan bo’lishi mumkin.

Bu ish Moskva va Vashington aloqalarini sovuqlashtirib yuborgan.

Amerika Magnitskiy haqida hujjatni imzolab, inson huquqlarini buzganlikda ayblangan rus rasmiylariga viza cheklovlari joriy etdi va moliyaviy sanksiyalar bilan jazoladi.