Rossiya josuslar mojarosi Amerika bilan aloqalarga ziyon qilmaydi degan umidda

  • Amerika Ovozi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQShda 11 kishining rus josusi degan gumon bilan qamoqqa olinishi, ikki davlat aloqalariga ziyon qilmaydi degan umidda. Qo’shma Shtatlar ham bu fikrni yoqlamoqda.

Yakshanba kuni 10 kishi hibsga olingan edi, kecha Kiprda yana bir kishi qo’lga tushgan. Ular Qo’shma Shtatlar yadro arsenali, tashqi siyosati borasida axborot to’plab, Rossiya maxfiy xizmatiga jo’natib turgan degan taxmin bor.

AQSh Davlat kotibining Yevropa masalalari bo’yicha muovini Filipp Gordon so’zlariga ko’ra, Obama ma’muriyati Moskva bilan rishtalarni mustahkamlash qarorida qat’iy. Ayg’oqchilar ishi alohida masala va birini biriga aralashtirmaslik lozim.

Sovuq urush davri ortda qolgan. AQSh va Rossiya buni yaxshi tushunadi. “Ammo Kremlning xatti-harakati, josuslik operatsiyasi tashvishlanarli”, - deydi Filipp Gordon. “O’zaro ishonch paydo bo’lishiga, zimdan ish ko’rish odati barham topishiga umid qilamiz”, - deydi rasmiy.

Ayg’qochi deya gumon qilinayotgan bu shaxslar Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning Vashingtonga tashirifidan bir necha kun o’tib ushlangan. Prezident Barak Obama bu operatsiya haqida oldindan bilgan, biroq Medveded safari davomida masalani ko’tarmagan.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin bugun AQSh sobiq rahbari Bill Klinton bilan uchrashgan. Putin mojaro o’zaro rishtalarga pand bermaydi deya umidda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, hibsdagilar Qo’shma Shtatlar manfaatlariga zid biror ish qilmagan.