Dushanba kuni Rossiya yangi sanksiyalarga uchrashi mumkin

  • Amerika Ovozi

Ukraina sharqidagi Slavyansk shahrida federalizatsiya tarafdorlari, 24-aprel, 2014-yil

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Qo’shma Shtatlar va Yevropa Rossiyaga bosim qo’yishda maslahatlashib ish ko’rishi kerak. G’arb Kremlni Ukraina ichki ishlariga aralashayotganlikda, mustaqilligi va suverenitetiga tahdid solayotganlikda ayblaydi.

AQSh va Yevropa bir yoqadan bosh chiqarib, dunyo bu masalada hamfikr ekanini ko’rsatishi kerak, deydi Obama. Unga ko’ra, Jenevada Ukrainadagi tanglikni yumshatish uchun kelishuv qabul qilinganiga qaramay Rossiya bu borada barmog’ini qimirlatgani ham yo’q.

Katta Yettilikka kuruvchi davlatlar Rossiyaga qarshi qo’shimcha sanksiyalarni qo’llashga kelishib oldi. Yangi choralar dushanbadan boshlab kuchga kirishi mumkin.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Rossiyani Ukraina sharqida ushlab turilgan yevropalik harbiy kuzatuvchilarni ozod etishda ko’maklashishga chaqirdi.

Kiyevdagi muvaqqat hukumatni tan olmay Ukrainaning federatsiya bo’lishini talab qilayotgan kuchlar bu missiyani josuslikda aybladi.

Sakkiz kishidan iborat missiyaning matbuotga bildirishicha, ular sog'-salomat, muomala yaxshi.

"Bizni siyosiy maqsadda ushlab turishibdi", - deydi guruh rahbari, germaniyalik polkovnik Aksel Shnayder.

Ularni ozod etish ustida muzokara ketmoqda. Separatistlar xorijiy kuzatuvchilarni hibsga olingan safdoshlariga ayirboshlashga umid qilmoqda.

Sharqiy viloyatlardagi 10 shahar hozir federalizatsiya tarafdorlari qo’lida.

Ukraina muvaqqat bosh vaziri Arseniy Yatsenyukning bildirishicha, kecha tunda Rossiyaga qarashli samolyot Ukraina havo sarhadlariga yetti bor kirgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi buni inkor etmoqda.