AQSh: Rossiyadan kelgan yuk gumanitar yordam emas

  • Amerika Ovozi

AQSh Rossiyadan kelgan 60 tonna tibbiy uskuna va jihozlar xayriya emasligini bildirmoqda. 30-mart kuni ikki davlat rahbarlarining telefon muloqotidan so’ng Rossiya Nyu-Yorkka samolyot to’la yuk yuborgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 7-aprel, 2020-yil

Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov yuk AQShga koronavirus tarqalishiga qarshi kurash uchun gumanitar yordam deb aytgan edi, biroq AQSh Davlat departamentiga ko’ra, Rossiyadan kelgan niqoblar, sun’iy nafas oldirish apparatlari, tibbiy xizmatchilar uchun himoya vositalari kabi jihozlar uchun Qo’shma Shtatlar to’liq to’lagan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining eng so’nggi bayonotida aytilishicha, xarajatlarning yarmini Rossiya qoplagan. Davlat departamentining keyinchalik oydinlik kiritishicha, jihozlar chegirma bilan olingan.

Vashingtonlik tahlilchi Xezer Konli Rossiyaning saxiylik qilganiga ishonmaydi.

“Mamlakatlar favqulodda holatlar bilan yuzlashganda yaxshi niyat bilan qilingan savob ishlar ikki davlat o’rtasidagi aloqalarni yaxshilashga xizmat qiladi. Rossiya esa bu bilan AQSh inqirozni jilovlay olmayotgandek ko’rsatishga uringan”, - deydi ekspert.

Pensilvaniyalik siyosiy tahlilchi Maykl Karpenter nazarida, Kreml yukni tashviqot maqsadida yuborgan.

“Ular buni insonparvarlik ishorasi sifatida ko’rsatmoqchi bo’lgan. Chunki bu jihozlar hali Rossiyaning o’ziga kerakliroq bo’ladi”, - deydi Penn Bayden markazi eksperti.

Aynan shuning uchun ham, deydi u, bu voqea Rossiya matbuotida keng yoritilmadi.