Nyu-Yorkda rossiyaliklar josuslikda ayblanmoqda

  • Amerika Ovozi

Nyu-York sudida Yevgeniy Buryakovga ayblov qo'yilayotgan payt, 26-yanvar, 2015-yil

AQSh Adliya vaziri Erik Xolderning aytishicha, Nyu-York shahrida rus josuslari fosh etilgan. Uch kishi nyu-yorkliklarni ayg'oqchilikka yollamoqchi bo'lgani aytiladi. Federal qidiruv byurosi Yevgeniy Buryakovni hibsga olgan, qolgan ikki rossiyalik diplomatik maqomga ega bo'lgani uchun mamlakatni tark etgan.

Adliya vazirligiga ko'ra, Buryakov Rossiya bankining Nyu-York filialida ishlagan. U razvedka agenti ekani haqida xabar bermagani uchun AQSh qonunini buzgani aytiladi.

Josuslikda ayblanayotgan bu uch kishi AQShning Rossiya banklariga qarshi sanksiyalari hamda Amerikaning muqobil energiya manbalarini ishlab chiqarish rejalariga doir ma'lumot to'plab, Rossiya razvedkasiga yuborgan, deyiladi Adliya vazirligi hujjatida.

Ular yirik korporatsiyalar xodimlarini hamda bir universitetda ayollarni yollamoqchi bo'lganlikda ham gumon qilinmoqda.

Buryakovning aybi isbotlansa, 15 yilga qamalishi mumkin.