Saudiyalik blogger - nufuzli xalqaro mukofot sovrindori

  • Amerika Ovozi

Yevropa Parlamenti har yili inson huquqlari uchun kurashda o’zini ko’rsatgan faolga beriladigan Saxarov mukofotiga Saudiya Arabistonidan blogger Raif Badaviyni loyiq deb topdi.

Blogger ulamolarni haqoratlash aybi bilan sud qilinib, 10 yil qamoq jazosi hamda 1000 darraga mahkum etilgan.

Yevropa Parlamenti Prezidenti Martin Shults Badaviyga belgilangan jazoni qiynoq deb atadi. Rasmiy Saudiya qiroli bilan suhbatlashgan va Badaviyni avf etib, ozod qilishni so’ragan. Ozod etilsa, blogger dekabr oyida Strasburgda mukofotni o’z qo’li bilan qabul qila oladi.

Raif Badaviy siyosiy va diniy mavzular muhokamasiga bag’ishlangan vebsayt ochganidan keyin 2012-yilda hibsga olingan edi. 2015-yilda Saudiya Arabistoni Oliy sudi apellyatsiyani ko’rib chiqib, hukmni kuchda qoldirgan.

Blogger, shuningdek, 266 ming dollar miqdorida jarimaga tortilgan.

Badaviyning ahvoli og’ir ekani aytiladi. Shu yil yanvar oyida jazoning bir qismi ijroga keltirilib, bloggerga 50 darra urilgan. Qolganlari esa uning salomatligi og’irlashgani hamda xalqaro hamjamiyat noroziligi sababli kechga qoldirildi.

Fevralda Yevropa Parlamenti Badaviyni ozod etishni talab qilib, rezolyutsiya qabul qilgan edi.

Badaviyning umr yo’ldoshi va farzandlariga do’q-po’pisalar qilingani sababli oilasi mamlakatdan qochib, Kanadada qo’nim topdi.

Sovet hukumati siyosatini tanqid qilib tanilgan fizik olim Andrey Saxarov nomi bilan yuritiluvchi mukofot Yevropa Parlamenti tomonidan har yili inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilgan faollar va tashkilotlarga beriladi.

Raif Badaviy baravarida bu yilgi mukofotga Venesuelaning “Mesa de la Unidad Democratica” muxolif harakati hamda fevralda Moskvada otib o’ldirilgan rossiyalik muxolifatchi Boris Nemtsov ham sazovor bo’ldi.