AQSh Qoshiqchining o'limiga aloqador 17 saudiyalikni qora ro'yxatga qo'shdi

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Saudiya Arabistonining 17 rasmiysini jurnalist Jamol Qoshiqchining o’limiga aloqadorlikda ayblab, qora ro’yxatga kiritdi. Qirollik valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon qotillikni buyurmagan deya, bu ishga daxldor besh kishi qatl etilishini e’lon qildi.

Jamol Qoshiqchi 2-oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligi binosiga kirib, qaytib chiqmagan. Turkiya hukumatiga ko’ra, uni yo’q qilish uchun qirollikdan bir necha odam Istanbulga maxsus borgan. AQSh qora ro’yxatga kiritgan 17 rasmiyning ba’zilari qirol oilasiga mansub, ba’zilari esa hukumat a’zolari.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibasi Xezer Noyertning aytishicha, Saudiya Arabistoni dastlabki tergov natijalariga ko’ra qaror chiqarmoqda. Tergov davom etadi degan umiddamiz, deydi u.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil Jubayrning aytishicha, shahzoda Salmonning qotillikka umuman aloqasi yo’q.

“Vakolatlarini suiiste’mol qilgan odamlarning ishi bu. Ular katta xatoga yo’l qo’ydi va xatosi uchun javob beradi”, - dedi vazir.

O’ldirilgan jurnalistning jasadi yoki qoldiqlari hanuz topilmagan, Saudiya hukumati bu haqda ma’lumot bergani yo’q. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’lining aytishicha, saudiyalik prokuror yuzaki ishlamoqda.

“Qirollik bayonotida qotillikni buyurgan odamlarga qarshi choralar ko’rilgani ta’kidlanadi. Bu ijobiy qadamlar, ammo biz ularni yetarli deb hisoblamaymiz. Bu ishni buyurgan va amalga oshirgan odamlarning shaxsini e’lon qilishlari lozim”, - dedi Chavusho’g’li.

O’tgan yili Riyodga safar qilganida Saudiya Arabistoni bilan qurol savdosiga kelishgan AQSh Prezidenti Donald Tramp shartnoma maqomi bo’yicha hozircha bir qarorga kelgani yo’q.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, saudiya neftining dunyo iqtisodiyotiga ahamiyatidan kelib chiqib ish ko’rish kerak, Qo’shma Shtatlar qirollikni beqarorlashtiruvchi chora ko’rmasligi lozim.

Inson huquqlari tashkilotlari esa Vashingtondan dadil qadamlar kutmoqda. Ularga ko’ra, muxbirning konsullikda o’ldirilishi va chavaqlanishini davlat terroriga tenglashtirib, bu ish ortida Saudiya hukumatining eng yuqori mansabdor shaxslari turgan bo’lishi mumkin.