Tramp-Kim uchrashuvi uchun nega Singapur tanlandi?

  • Amerika Ovozi

Kelasi bir hafta ichida minglab jurnalistlar o’zida ham shahar, ham davlatni mujassamlashtirgan Singapurda to’planadi. AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlarining 12-iyunga belgilangan tarixiy uchrashuvi butun dunyo muxbirlari diqqatini o’ziga jalb qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 6-iyun, 2018-yil - Tramp-Kim uchrashuvi uchun nega Singapur tanlandi?

Donald Tramp va Kim Chen Un muloqoti uchun nega aynan Singapur tanlandi?

Bu shahar-davlat aholisi besh million atrofida. Singapur boy o’lka, ko’rkam shahar, tozaligiga dunyoning ko’plab shaharlari havas qilishi mumkin. Tashqi ko’rinishdan yirik savdo markaziga o’xshaydi, hayot, tijoriy va moliyaviy hayot qaynamoqda.

Donald Tramp va Kim Chen Un o’rtasidagi uchrashuv sal qolsa bekor bo’lay degan edi. Diplomatlar va rasmiylar sammitni tashkillashtirish uchun ko’p ter to’kdi.

Ikki rahbar nega aynan Singapurda ko’rishishga qaror qildi? Gap shundaki, bu mamlakatda ommaviy namoyishlar kamdan-kam uchraydigan holat, ruxsatsiz chiqishlar man qilingan. Mana shu omil mezbon shaharni tanlashda muhim rol o’ynagan bo’lishi mumkin.

Singapurning AQSh bilan ham, Shimoliy Koreya bilan ham aloqalari yaxshi, xavfsiz davlat.

“Singapurda ko’plab yirik anjumanlar va davlat rahbarlarining sammitlari o’tkazilgan. Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi ko’p majlislar qilgan bu yerda. ASEANning eng so’nggi sammiti ham Singapurda o’tdi”, - deydi Singapur Milliy universiteti professori Lim Tay Vey.

O’tgan hafta o’ndan oshiq mamlakatlardan mudofaa vazirlari kelib, yillik Shangrila muloqotida qatnashdi.

AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlarining uchrashuviga mezbonlik qilish mahalliy iqtisodiyotga katta foyda keltiradi. Ko’chalarda Tramp yoki Kim qiyofalari tushirilgan futbolkalarni sotuvda uchratmaysiz, ammo Tramp va Kim nomini olgan kokteyllarni buyurtirsa bo’ladi.

“Mana bu Tramp kokteyli. Burbondan qilinadi, chunki Amerika barlarida makkajo’xoridan qilinadigan viskining bu turini ko’p iste’mol qilishadi. Bu esa Kim kokteyli. U sojudan tayyorlanadi”, - deydi “Eskobar” bari egasi Stan Shri Ganesh.

Bu bar ham shaharning minglab mehmonlari hisobiga katta pul ko’tarishga umid qilayapti. Keyingi seshanbagacha usiz ham xavfsiz shaharda xavfsizlik choralari yanada kuchaytiriladi.