Pekin Janubiy Xitoy dengizidagi hududlardan voz kechmoqchi emas

  • Amerika Ovozi

Xitoy Janubiy Xitoy dengizidagi hududlarning deyarli barchasiga da'vo qilgach, Filippin xalqaro arbitrajga shikoyat qildi. Sud qarori qanday bo'lishidan qat'i nazar, masala jiddiy tus olmoqda.

Xitoy nazarida Qo'shma Shtatlar qo'shni davlatlar bilan harbiy aloqalarni kuchaytirib, mintaqada faollashishi natijasida Janubiy Xitoy dengizida vaziyat taranglashmoqda. Qo'shni mamlakatlar esa Pekinni dengizdagi iqtisodiy zonalarini o'zlashtirib olishga harakat qilayotganlikda ayblamoqda.

Pekin Filippin da'vosini ko'rib chiqayotgan arbitraj qarorini pisand qilmasligini bildirmoqda. Qaror bir necha haftada ma'lum bo'ladi.

AQSh rasmiylari harbiy hamkorlik Xitoyga qarshi qaratilmaganini, biroq Pekinning mintaqadagi harakatlari va niyati tahdid ekanini aytadi.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter bir necha o'n yillar davomida mintaqa farovonligiga imkon bergan tinchlik va xavfsizlikni qo'llab-quvvatlash uchun harbiy rolimizni oshirmoqdamiz, deydi.

Ba'zilarning taxmin qilishicha, Xitoy bunga javoban munozarali Skarboro qoyalarida qurilishlar boshlashi va shu tariqa Filippin ham o'ziniki deb bilgan hududni o'zlashtirishi mumkin. Qoyalar Filipinning Subik ko'rfazi va iqtisodiy zonasidan salkam 200 kilometr narida joylashgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakilining bildirishicha, Skarboro qoyalari Xitoyning ajralmas hududi bo'lib, u yerdagi barcha faoliyat Xitoy suvereniteti doirasida amalga oshiriladi.

O'tgan hafta AQShning Gonkongga kirmoqchi bo'lgan avianosetsiga Xitoy ruxsat bermadi. Pekin da'volarini uning ittifoqchisi Rossiya qo'llab-quvvatlaydi.