Fazoda nima gap?

  • Amerika Ovozi

"Solar Orbiter" apparati Quyosh fonida

Uch mamlakat Marsni zabt etishga bel bog’lagan. Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoy Qizil sayyoraga raketa uchirdi, AQSh parvozga hozirlanmoqda.

Ayni damda Amerikaning ikki fazogiri may oyidan beri Xalqaro fazo stansiyasida ishlamoqda. Bir oyda ular to’rt marta ochiq kosmosga chiqdi. Astronavtlar Bob Benken va Kris Kassidi jami 10 marta ochiq kosmosda bo’lib, bu borada Sovet kosmonavti Anatoliy Solovyovga yetib olishdi.

Salkam 2 haftadan so’ng Benken va Kassidi fazoga kelgan kapsulada Yerga qaytib ketadi.

Kapsula “SpaceX” xususiy kompaniyasiga qarashli bo’lib, uni fazoga olib chiqqan “Falkon-9” raketasi Yerga qaytganidan so’ng rekord vaqtda keyingi missiyaga hozirlandi va Janubiy Koreyaga qarashli sun’iy yo’ldoshni orbitaga olib chiqib, Atlantika okeanidagi qo’nish maydonchasiga muvaffaqiyatli qaytdi.

Bu o’rtada Yevropa va AQSh fazo agentliklari “Quyosh orbiteri” qo’shma missiyasi doirasida fevral oyida uchirilgan kosmik apparat yordamida Quyosh sirtini ilk bor maksimal yaqinlikda suratga olish imkoniga ega bo’ldi.

“Ilk bor Quyoshning qutbli mintaqalari tasvirlarini ko’ramiz. Apparat Quyoshga yaqinlashishda davom etarkan, qutblari uzra ham uchib o’tadi. Ilk bor uning magnit maydonlari va qutbli mintaqalari oqimini ko’rishga muvaffaq bo’lamiz”, - deydi NASA olimi Xolli Gilbert.

Amerikalik olimaning aytishicha, “Quyosh orbiteri” apparati yordamida Quyoshdagi ob-havoni aniqroq o’rganish imkoni bo’ladi.

“Hayajondamiz, chunki Quyosh qutblarida nimalarni ko’rishimizni hali bilmaymiz. Apparat Quyoshga yaqinlashgani sari tasvirlar ham ravshanroq bo’lib boradi”, - deydi Gilbert.

Missiya Quyosh atmosferasini hamda yulduz va uning atrofidagi ob-havo sharoitlarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Bu esa o’z navbatida aviaparvozlar va Yerdagi simsiz tarmoqlar xavfsizligini yaxshilashda qo’l keladi.

Birlashgan Arab Amirliklari Yaponiyadan Marsga uchirgan raketa manzilga 2021-yil fevralida amirliklarning 50 yilligiga yetib borishi kutilmoqda. Xitoy raketasi ham ayni muddatda sayyoraga yetib boradi.