Ispaniyadagi parlament saylovlarida hukmron partiya g'olib chiqdi

  • Amerika Ovozi

Ispaniyada kecha o'tgan parlament saylovlarida amaldagi konservatorlar partiyasi g'alaba qozondi. Shunga qaramay, ikki muxolif partiya ko'rsatkichlari ham yuqori bo'lgan.

So'nggi natijalarga ko'ra, Bosh vazir Mariano Raxoyning Xalq partiyasi 350 kishilik parlamentda 123 o'rinni qo'lga kiritgan. Bungacha partiyaning qonun chiqaruvchi organdagi deputatlari soni 186 ta bo'lgan. Biznesmenlar huquqini himoya qiluvchi yangi Fuqarolar partiyasi 40 o'rinni qo'lga kiritgan.

Sotsialistlar partiyasiga 90, xarajatlar qisqartirilishiga qarshi Podemos partiyasiga esa 69 joy nasib etgan.

"Ispaniyaga barqaror hukumat kerak. O'tgan to'rt yil davomida biz ko'p narsalarga erishdik. Fuqarolarimiz ko'p ishlashdi. Endi erishgan yutuqlarimizni saqlab qolishimiz kerak", - dedi Bosh vazir Mariano Raxoy.

Saylov ortidan Ispaniyada endi bir necha partiyani o'z ichiga oluvchi koalitsion hukumat tuzilishi kutilyapti.