Vashingtondagi josuslik muzeyi sayyohlarni o'ziga tortmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda davlat xizmatidan ketgan siyosatchilar va razvedkachilar odatda matbuotda poytaxtdagi siyosiy voqealarni muntazam ravishda izohlab boradi. Vashingtondagi Josuslik muzeyi direktori Kris Kosta sobiq razvedkachi bo’lsa-da, siyosatga aralashmaydi, ammo jarayonlarni yaqindan kuzatadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Vashingtondagi josuslik muzeyi sayyohlarni o'ziga tortmoqda

“Sobiq amaldorlar hukumatni tark etgandan so’ng fikr bildirishga haqli. Biz muzeyda, asosan, tarixiy voqealarni yoritamiz. Hozirgi jarayonlarga urg’u bermaymiz”, - deydi Kris Kosta.

2002-yilda ishga tushgan Xalqaro josuslik muzeyi Vashingtonning sayyohlik manzillaridan biriga aylangan. Uning direktori bir paytlar haqiqiy josus bo’lgan.

Muzey mehmonlarga josuslar qanday ishlagani, qanday maxfiy usullardan foydalangani haqida ma’lumot beradi. AQSh armiyasi kontrrazvedkasida 34 yil xizmat qilgan iste’fodagi polkovnik bu usullar haqida yaxshi biladi.

“Muzeyda boshimdan o’tgan voqealarni odamlarga so’zlab berish imkoniyatiga egaman”, - deydi Kosta.

Eksponatlar yonidan o’tarkan, muzey direktori kulgili bir voqeani esga oldi.

“Birinchi marta qiyofamni o’zgartirishga to’g’ri kelganda mo’ylov yopishtirdim. So’ng nima bo’ldiyu, muzqaymoq yeyishga chiqdim. Soxta mo’ylov bilan muzqaymoq yeb ko’rganmisiz? Moy’lov tushib qoladi deb rosa qo’rqqanman”, - deydi u.

Kostaning aytishicha, josuslarning ishi Amerika xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

“Bu ishda xatoga o’rin yo’q. Men muzeyda o’z ishi haqida ochiq gapirolmaydigan bu insonlar voqealarini jamoatchilikka hikoya qilaman”, - deydi Kris Kosta.

Muzey 2002-yilda ochilganidan beri odamlarda razvedkachilar ishi va tarixiga qiziqish ortgan. Kelasi yili muzey kattaroq binoga ko’chadi. Kostaning aytishicha, yangi joyda eksponatlar ham ko’proq bo’ladi.