Shri-Lankadagi portlashlarda 200 dan ziyod odam o'lgan

  • Amerika Ovozi

Negombo shahridagi Avliyo Sebastyan cherkovi portlashdan so'ng, Shri-Lanka, 21-aprel, 2019-yil

Shri-Lankada sodir etilgan qator portlashlarda 200 dan ziyod odam nobud bo'lgan, yuzlab yaralanganlar bor. Katolik dunyosi pasxa bayramini nishonlar ekan, xurujlar cherkovlar va otellarda amalga oshirilgan.

Rasmiylar xurujlarga aloqadorlik gumoni bilan yetti odam hibsga olinganini ma'lum qildi. Qurbonlarning 30 dan ortig'i xorijlik ekani aytilmoqda.

Mamlakatda komendant soati joriy etilgan, yolg'on xabar va mish-mishlarning oldini olish maqsadida ijtimoiy sahifalar va aloqa ilovalariga kirish to'silgan.

Mahalliy matbuot sakkizta portlash haqida xabar bergan. Poytaxt Kolomboda to'rtta portlash yangragan - bir cherkov va uch mehmonxonada. Yana ikkita cherkov Negombo va Battikaloa shaharlarida nishonga olingan. Kolombo tevaragidagi Dexivala va Dematagoda rayonlarida ham portlashlar qayd etilgan.

"Xurujlar mamlakat va iqtisodiyotni beqarorlikka yetaklaydi", - deydi Bosh vazir Ranil Vikramasingxe.

Xurujlar ortida kim turgani ma'lum emas, biroq politsiyaning bildirishicha, 10 kun oldin "Milliy tavhid jamoati" radikal musulmon tashkiloti xuruj uyushtirishi mumkinligi haqida ma'lumot olingan edi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Shri-Lanka hukumati va xalqiga hamdardlik bildirdi.