START tasdiqlanmasa, deydi AQSh rasmiylari, Rossiya arsenali haqida aniq axborot ololmaymiz

  • Amerika Ovozi

AQSh va Rossiya dunyoda mavjud atom qurollarining 90 foiziga egalik qilar ekan, har ikki davlat qo'lidagi arsenal haqida bir-biriga hisobot berib turishi kerak, deydi vitse-prezident Jo Bayden

AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden nazarida Kongress Rossiya bilan strategik qurollar bitimini tasdiqlamasa, Qo’shma Shtatlar xavfsizlik bobida pand yeyishi mumkin.

“Rossiya yadro arsenali haqida aniq axborotga ega bo’lishni istasak, bitimni ma’qullash kerak”,- deydi Bayden.

AQSh va Rossiya dunyoda mavjud atom qurollarining 90 foiziga egalik qiladi. Ikki davlat bir-birining harbiy salohiyatidan ogoh bo’lib turishga kelishgan. START bitimiga ko’ra, Rossiya va AQSh qurol-aslahani 30 foizga qisqartirishi rejalangan.

Jo Baydenning aytishicha, START yangilanmas ekan, Rossiya yadro dasturini kuzatish imkoni qo’ldan boy beriladi.

Obama ma’muriyati hujjat shu yil oxirigacha ratifikatsiya qilinadi degan umidda. Ammo kelasi yildan boshlab Vakillar Palatasida ko’pchilik o’rinni egallaydigan Respublikachilar partiyasining ko’plab a’zolari bu kelishuvga qarshi.

Respublikachilar, xususan Janubiy Karolina shtatidan senator Lindsi Grexem nazarida qurol nazorati muhim, lekin START bitimini bir oz o’zgartirish kerak.

Uning aytishicha, hujjat Qo’shma Shtatlar mudofaa salohiyati, xususan raketa hujumiga qarshi yangi mudofaa tizimlari o’rnatishga to’sqinlik qiladi. Bu esa Amerika va ittifoqchi davlatlar manfaatiga zid.

Vitse-prezident Jo Baydenning aytishicha, Obama ma’muriyati AQSh yadro sistemasini yangilash uchun yana 80 milliard dollar ajratish niyatida.

Bahs davom etar ekan, bitim kelasi yilga qolishi ehtimoldan xoli emas.

Senat Tashqi ishlar qo’mitasi raisi, demokrat Jon Kerri gap xavfsizlik haqida ketmoqda, ishni cho’zib o’tirish to’g’ri emas, deydi.

Davlat kotibasi Xillari Klinton ham bugun Kapitoliyda so’zlab, STARTni tasdiqlash zaruratiga urg’u bergan.