Obama prezident sifatida Kongressda oxirgi bor hisobot berdi

Kongress, 12-yanvar, 2016

Umid va ijobiy o'zgarishlar elchisi sifatida prezidentlikka kelgan Barak Obama Kongressdagi so'nggi hisobotida Amerika xalqini kelajak porloq deya ishontirishga urindi.

Yangi yil boshida Kongress huzuriga borib, minbarga chiqib, qonunchilar va shu tariqa ularni saylagan xalq oldida mamlakatning bugungi ahvoli haqida hisobot berish Amerikaning har bir prezidenti uchun farz hisoblanadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Obamaning Kongressdagi so'nggi nutqi qanday qarshilandi? Navbahor Imamova

Obamaning prezident sifatida yettinchi va so'nggi hisoboti

Muxolifat, Respublikachilar Partiyasi, hukmron qonunchilik organi bilan kelisha olmay, Kongress tasdig'isiz ham ko'plab muammolarni hal qilishga harakat qilayotgan rahbar bu nutqida o'tmish emas, kelajak haqida ko'proq gapirdi.

Tashqi siyosatida u besh masala va maqsadga urg'u berdi: Suriyada tinchlikka erishish, "Islomiy davlat"ga qarshi kurash, Eronni atom qurolini qo'lga kiritishdan saqlash, Osiyo bilan hamkorlik, Kuba bilan yarashish.

Ichki masalalarga kelganda esa Obama ta'lim tizimi islohoti, qurol nazoratini kuchaytirish, minimal maoshni oshirish, teng mehnat uchun teng maoshni ta'minlash, sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish singari maqsadlar haqida gapirdi.

"Zamonamiz ajoyib. Yashash tarzimiz, ishlash uslubimiz, sayyoramiz va undagi o'rnimiz tezlikda o'zgarmoqda. Tibbiyot olamida g'aroyib kashfiyotlar qilinmoqda. Ixtirolar zamoni bu. Lekin iqtisodiy jihatdan mehnatkashlar hayoti yaxshilanyapti deya olmaymiz. Uzoq qishloqlarda ham qizlar bugun bilim olishi mumkin, biroq bu zamonda terroristlar ham bir-biri bilan okeanlar osha osongina bog'lana oladi. Bir tomondan inson uchun imkoniyatlar kengaymoqda, ikkinchi tomondan esa tengsizlik ko'lami oshmoqda. Bizga yoqadimi-yo'qmi, bu o'zgarishlar tobora tezlashaveradi",- deydi Obama.

Bir narsa o'zgarmaydi, deya ishonch bildiradi prezident. Amerika yer yuzidagi eng qudratli davlat va xalq bo'lib qoladi. Bu borada gap bo'lishi mumkin emas, deydi u. Mamlakat vujudga kelibdiki, har qanday qiyinchilikni, mojaro va muammoni yengib keladi. Hech kim va hech narsa Amerika xalqini ezgu niyatidan qaytara olmaydi, bu birdam va qobil yurt, deydi Obama. Mushkulot bu davlatga faqat kuch beradi, deydi prezident.

"Biz istagan kelajak - imkoniyatlarga boy, xavfsiz, yuqori sifatli turmush, barqaror sayyora - bularga erisha olamiz. Lekin bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz kerak. Bahs-tortishuvlar yechimga yetaklashi kerak. Mantiqan, konstruktiv fikrlash zarur",- deydi Obama uning siyosatini qoralab kelayotgan respublikachilar ko'pchilikni tashkil etuvchi Kongressda so'zlar ekan.

"Siyosiy muhitni tuzatishimiz kerak",- dedi Obama."Har masalada fikrimiz bir joydan chiqmasligi tabiiy. Bu katta mamlakat, turli mintaqalar, yondashuv va manfaatlar... Kuchimiz ham shunda. Xilma-xillik - boyligimiz. Amerika davlatiga asos solganlar, shtatlarga o'z vakolatini bergan, davlat organlari orasida muvozanatni ta'minlagan. Xalq vakillari tortishsin, masalani izchil muhokama qilib, keyin qaror qabul qilsin, deya niyat qilgan. O'zaro, chet el bilan rishtalar, tijorat va xavfsizlik bobida to'g'ri qarorlar qila olishimiz uchun zamin yaratgan. Erkinlik va barqarorlik bir-biriga bog'liq ne'matlar ekanini uqtirgan".

AQSh iqtisodiyoti baquvvat

Obama deydiki, Qo'shma Shtatlar hamon dunyodagi eng baquvvat iqtisodiy tizimga ega. Uning davrida 14 million yangi ish o'rni yaratilgan. Muammo shundaki, deydi prezident, boylik juda tor doira qo'lida. Iqtisodiy-ijtimoiy tafovut kengaymoqda. Mehnatkashlar kelajakdan xavotirda, chunki qanchalik qattiq ishlamasin, bolalar istiqbolini ta'minlash mushkul. Bilim olishdan tortib, o'zi xohlagan sohani egallashgacha - har bir amerikalik uchun zarur imkoniyat yaratib berish kerak, deydi Obama.

Oq uy bizneslarning dushmani degan gaplar asossiz, deydi prezident, aksincha, u xususiy sektor uchun imtiyoz va imkoniyatlarni kengaytirganini aytadi. Iqtisod barkamol ekani bundan darak, deydi prezident.

Texnologik kashfiyotlar va kiber-xavfsizlik yo'lida sarmoyani oshiraverish kerak, energetika sohasida yangi yo'nalishlarni ochaverish lozim, deya undadi Obama.

Prezident Obama Kongressdan turib xalqqa hisobot berdi, oxirgi marta

Global liderlik kuchli iroda talab qiladi

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurashda AQSh yetakchilik qiladi va bu borada hech qanday qarshilikka o'rin yo'q, deydi u. Amerika sayyoradagi eng kuchli mamlakat, global lider bo'lib qolishni istasa, uning kelajagi uchun ham eng ko'p qayg'urishi shart, deydi u.

Davlatning asosiy dushmani, uning nazarida, - terror tizimlari. "Islomiy davlat" va al-Qoida yo'q qilinadi va kurash jadallashaveradi, Amerika islom diniga emas, uni bayroq qilib ko'targan qonxo'r to'dalarga qarshi urushda, deydi Obama.

AQShni vayron qilmoqchi bo'lgan terrorchilar yo o'lik yo qamoqda yo nishonda, deydi prezident. Terrorizmga qarshi kurash uzoqni ko'zlovchi puxta strategiya talab qiladi, Guantanamo qamog'idek inshootlar emas, uni yopish vaqti yetgan va yopiladi ham, deydi u.

Suriyadagi urushga nuqta qo'yishda ham Amerika xalqaro koalitsiya orqali harakat qiladi, davlat global tizimga tayanadi va hamkorlari bilan birga ishlaydi, deydi u.

Tinch okeani bo'yidagi 12 davlat bilan yangi iqtisodiy kelishuvga erishilgani buning yaqqol misoli, deydi Obama.

"Kuba bilan yarashganimiz ham AQSh tinchliksevar davlat ekanini isbotladi",- deydi u.

“Ukraina singari davlatlarda demokratiya tarafini olib, Kolumbiyada barqarorlik uchun hissa qo'shib, Afrikada yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda yetakchilik qilib, biz xalqaro tizimni mustahkamlayapmiz, chunki biz uning bir qismimiz”.

Obama Rossiyani Ukraina va Suriyada yovuz kuchlarni quvvatlayotganlikda ayblar ekan, AQSh qudrati pasaymoqda, degan iddaolar asossiz, deya ta'kidladi.

"Dunyo bizni qurollarimiz uchun emas, madaniy-g'oyaviy xilma-xilligimiz, oshkora jamiyatimiz, diniy erkinligimiz uchun hurmat qiladi... Masjidlarga hujum qilinganida, siyosatchilarimiz musulmonlarni haqoratlab yoki bolalarni masxara qilib, bizni xavfdan asray olmaydi. Bu noto'g'ri. Bu bizni ezgu maqsadlarga yetishdan uzoqlashtiradi va davlatimiz qadriyatlarga ziddir."

Demokratiya fuqarolardan o'zaro ishonch va hurmat talab qiladi, deydi prezident. Gap kelisha olishda. Amerikaliklar tirishqoq, o'z maqsadiga erishishga o'rgangan xalq. Shu bois ham ishonchsizlik, umidsizlanish bizga xos emas, deydi Obama.

“Fikr va qarashlarimizni erkin bayon etib, huquqlarimizdan foydalanib, burchimizni ado etib, har qanday ezgu niyatga yeta olishimiz mumkin. Bu oson emas, lekin bir-birimizni eshitsak, mushtarak manfaatlarga urg'u bersak, bir-birimizga yordamlashamiz.”

“Men bilgan Amerika shu. Men sakkizinchi yil boshqarayotgan yurt shu. Nima istashini biladigan, bag'rikeng, optimist, zahmatkash, mehr-oqibatli. Men sizga, xalqimga ishonaman",- deydi Obama.

Muxolifat javobi: Prezident faqat gap sotadi

Prezident Obamaning Kongressdagi hisobotiga muxolifat munosabatini Janubiy Karolina shtati gubernatori Nikki Heyli bayon etdi. Vitse-prezidentlikka ko'rsatilishi taxmin qilinayotgan siyosatchi Obamani so'zga chechan, usta notiq deya maqtadi. Lekin, deydi u, quruq gap bilan qorin to'ymaydi.

Amerika iqtisodiy inqirozdan keyin ancha oyoqqa turib oldi lekin vaziyat millionlab fuqarolar uchun hamon og'ir, deydi Heyli. Demokrat prezident tizim tayanchi bo'lmish bizneslar ustidan nazoratni kuchaytirib, tadbirkorlik uchun yetarlicha sharoit yaratmadi; biznes ahli undan norozi, deydi konservatorlar namoyondasi.

Nikki Heyli, respublikachi, Janubiy Karolina shtati gubernatori,

Vashingtondagi siyosatchilarga umid bugun eng past nuqtada.

"Sizni tushunaman, chunki mening ham ko'nglim qolgan",- deydi Heyli. "Mas'uliyatsizlik chuqur ildiz otishida respublikachilarning ham hissasi katta. Buni tan olish kerak. Chora ko'rish kerak. Muammolarni hal etish kerak."

Hind muhojirlar farzandi bo'lmish Heyli xonim "mening hayotiy qissam siznikidan o'zgacha emas, balki yaqin", - deydi yurtdoshlariga qarata. "Yo'qsizlik nimaligini bilaman. Mehnatkash oilada katta bo'lganman. Xalqim dardi menga ma'lum", - deydi Janubiy Karolina shtati rahbari.

Heyli partiyadoshi Donald Tramp, prezidentlikka nomzod milliarderni, muhojir va musulmonlarga qarshi aytgan gaplari uchun keskin tanqid qilgan.

Gubernatorning tanqidi respublikachi liderlarga ma'qul tushib, uni prezident nutqiga javob berish uchun taklif qilishgan. Bu bilan Kongressdagi respublikachilar Tramp bilan hamfikr emasligini bildirmoqda.

Heyli Amerikaning kelasi prezident respublikachi bo'ladi degan umidda.

"Birinchi navbatda davlat xavfsizligi va iqtisodiy ravnaqi uchun jon kuydiramiz, ta'lim, sog'liqni saqlash sohasi va boshqa yo'nalishlarda islohotlarni jadallashtiramiz. Siz uchun xizmat qilamiz",- deydi u.

Murosa qilish juda muhim, deydi Heyli, siyosiy maydonda shu yetishmaydi.