Guvohlar: Suriyadagi qatliom hukumatga xayrixoh guruhlar ishi

  • Amerika Ovozi

Kofi Annan Damashqda prezident Bashar al-Assad bilan uchrashmoqda. Suriya rahbariyati Xuladagi qotilliklarga aloqasi yo’qligini aytib, aybni bir yildan beri tinmayotgan qo’zg’olon ortidagi terrorchilarga to’nkagan

Xalqaro tinchlik elchisi Kofi Annan bugun Suriyada prezident Bashar al-Assad bilan ko’rishib, hukumat va isyonchilar o’rtasida erishilgan, biroq amal qilinmayotgan sulh ijrosi haqida gaplashmoqda.

Kun tartibidagi mavzular: olti banddan iborat tinchlik rejasi va o’tgan juma notinch Xula shahrida 108 fuqaroni hayotdan olib ketgan fojea. Tinchlik rejasi, jumladan, zo’ravonlikni tugatish uchun qat’iy choralar ko’rish, mahbuslarni qo’yib yuborish kabilarni o’z ichiga oladi.

“Bularsiz davlat osuda hayotga qaytishi mushkul”, - deydi BMT rasmiylari. Kofi Annan o’tgan oy Assad ma’muriyati va namoyishchilar o’rtasida murosaga erishgan edi, lekin tomonlar bitimga amal qilmay qo’ygan.

Faollar so’zlariga qaraganda, bugun Suriyadagi olishuvlarda 19 odam halok bo’lgan. BMT kuzatuvchilari Xula shahrida, aholi bilan juma kungi qonli voqealar haqida gaplashmoqda.

BMT inson huquqlari idorasining bildirishicha, shahar avvaliga armiya, tanklar tomonidan o’qqa tutilib, taxminan 20 kishi o’lgan.

Keyin, deydi guvohlar, hukumatga sodiq qurollangan guruhlar uyma-uy yurib, oilalarni qatl eta boshlagan.

Suriya rahbariyati Xuladagi qotilliklarga aloqasi yo’qligini aytib, aybni bir yildan beri tinmayotgan qo’zg’olon ortidagi terrorchilarga to’nkamoqda. Kofi Annan bu shaharda ro’y bergan qatliomdan dahshatda va buni mudhish jinoyat, deya ta’rifladi.

BMT Xavfsizlik Kengashi kechagi bayonotida mazkur foeajada qisman armiyani ayblab, bayonot berdi.

Unda aholini o’qqa tutib, pichoqlash kabi hollar keskin qoralanadi, biroq bular kimning ishi ekani aniq aytilmaydi.

Fransiya prezidenti Fransua Olland bugun Suriya elchisini mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qilgan.

Amerika, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Britaniya, Niderlandiya, Kanada va Avstraliya suriyalik diplomatlarni vataniga qaytarib yubormoqda.