Suriyaning bir necha shahri armiya qurshovida

  • Amerika Ovozi

BMT-Arab Ligasi olg'a surgan rejaga muvofiq, sulh bugun kuchga kirishi kerak

Faollarning aytishicha, bugun Suriyada armiya bir necha shaharga qaqshatqich zarbalar bergan. Suriya Inson huquqlari kuzatuv guruhi Hama, Morih va Hims nishonda, deydi.

Turkiya bilan chegaradosh Marqada shahrida esa isyonchilar o’tish-nazorat punktlariga hujum qilib, olti zobitni o’ldirgan.

Ayni paytda Suriya hukumati BMT tuzgan sulh rejasiga muvofiq o’z qo’shinlarini ayrim shaharlardan olib chiqayotganini aytmoqda. Bu loyihaga muvofiq, hukumat va muxolifat to’qnashuvlarni bugun bas qilishi kerak edi.

Suriya Tashqi ishlar vaziri, Moskvaga safar qilayotgan Valid al-Muallim BMT-Arab Ligasi elchisi Kofi Annanning zo’ravonlikni tugatish taklifiga amal qilayapmiz, deydi. Muallim nazarida jahon hamjamiyati zudlik bilan mamlakatga kuzatuvchi jo’natishi lozim.

Kofi Annan bugun Turkiyaga borib, suriyalik qochqinlar lagerlarini ko’zdan kechirishi kutilmoqda. Kecha chegaradagi otishmada olti odam, jumladan, ikki turkiyalik yaralangan edi. Hozir Turkiyada qariyb 24 ming suriyalik jon saqlamoqda.

Assad armiyasi kecha Livan bilan chegarada ham otishma boshlab, mahalliy telekanal xodimini o’ldirgan.