Suriyada koalitsiya hujumida oddiy fuqarolar halok bo'lgan

  • Amerika Ovozi

Suriya demokratik kuchlari jangchisi shahar ko'chalarini ko'zdan kechirmoqda, Manbij, Suriya, 1-iyul, 2016-yil.

AQSh harbiylari Suriyaning Manbij shahrida AQSh yetakchiligidagi koalitsiya havo hujumlarida oddiy fuqarolar o'lgani yuzasidan tekshiruv boshladi.

Polkovnik Kris Garverning Bag'doddan turib jurnalistlarga aytishicha, dastlabki tahlil oddiy fuqarolar o'lgani haqidagi da'volarning asosli ekanini ko'rsatgan va shu bois tekshiruv boshlangan.

Huquq faollarining da'vo qilishicha, 19-iyul kuni yuz bergan havo hujumida bir necha o'n odam halok bo'lgan.

Hujum Suriya Arab koalitsiyasi iltimosiga ko'ra amalga oshirilgan. Muxolif guruh hududda "Islomiy davlat" jangarilarini payqab, xalqaro koalitsiyadan havo orqali yordam so'ragan. Hujum amalga oshirilgandan so'nggina bu yerda tinch fuqarolar bo'lgani aniqlangan.

Polkovnik Garver ma'lumotiga ko'ra, tekshiruv davomida qurbonlarning oila a'zolari hamda huquq tashkilotlari va faollarga ma'lumot bergan guvohlar bilan suhbatlar o'tkaziladi.

23-iyul kuni Manbij sharqidagi qishloqda amalga oshirilgan yana bir hujumda ham oddiy fuqarolar halok bo'lgani xabar qilinmoqda.

"Bu da'volarning qanchalik asosli ekani hozir tekshirilmoqda", - dedi Garver.

Manbijni "Islomiy davlat" to'dasidan qaytarib olish uchun shu paytgacha 520 dan ortiq havo zarbalari amalga oshirilgan.