Suriya shimolida shiddatli janglar, diplomatiya ish bermayapti

  • Amerika Ovozi
Ikki kundirki, Suriya shimolidagi Halab (Aleppo) shahrida hukumat kuchlari isyonchilar bilan to’qnashmoqda. Faollarning aytishicha, ko’pchilik hududni tark etgan.



Kecha BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyada faoliyat yuritayotgan kuzatuvchilar missiyasini yana bir oy uzaytirishga qaror qildi. Ammo tobora qonli tus olayotgan mojaroni qanday hal qilish borasida yakdillik yo’q. Bashar al-Assad ma’muriyatini kuchliroq sanksiyalar bilan jazolash haqidagi rezolyutsiyalarga Rossiya va Xitoy “yo’q” deb keladi.

300 kuzatuvchi Suriyaga xalqaro vositachi Kofi Annan tuzgan tinchlik rejasi doirasida yuborilgan edi. Bugunga kelib, diplomatiya va siyosiy dialog samara bermayotgani hammaga ma’lum.

Britaniyaning BMTdagi elchisi Mark Layal Grant so’zlariga ko’ra, kuzatuvchilar Suriyada yana bir oy qoladi, agar bu davr mobaynida biror o’zgarish bo’lmasa ular mamlakatni tark etadi.

Damashqdagi avhol, 20-iyul, 2012-yil


BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Suriya bo’yicha muhokamalar boshi berk ko’chaga kirib qolgani, sanksiya haqidagi rezolyutsiya ovozdan o’tmaganidan afsusda. Ammo harakatni davom ettiramiz, zo’ravonliklarga chek qo’yish zarur, deydi u.

BMT ma’lumotlariga ko’ra, so’nggi ikki kun ichida 30 ming suriyalik chegarani kesib, qo’shni Livanga o’tgan. Iroq hukumati ming kishiga boshpana berganini bildirmoqda. Turkiyada esa ro'yxatdan o'tgan qochqinlar soni 43 mingdan oshdi.