Suriyada armiya yana 90 kishini o'ldirdi

  • Amerika Ovozi

Hukumat terrorizmga qarshi kurashayotganini aytadi. Norozi aholi esa kecha Damashq va boshqa bir necha shaharda yana namoyishga chiqqan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuzatuvchilari Suriyaning Xula qishlog’iga borgan. Bu yerda kechadan beri hukumat kuchlari 90 dan ortiq kishini otib o’ldirgan, jumladan 25 bolani. AQSh bu holatni qattiq qoralab, Bashar al-Assad va uning ma'muriyatini o'z xalqining qotili deb atamoqda.

Bir yarim oydirki, BMT tomonlarni sulh shartlariga bosh egishga chaqirib kelmoqda, lekin say-harakatlar samara bermayapti.

Faollarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, xavfsizlik kuchlari xonadonma-xonadon yurib, fuqarolarga azob bermoqda, ko’p hollarda erkaklarni hibsga olmoqda.

Hukumat terrorizmga qarshi kurashayotganini aytadi. Norozi aholi esa kecha Damashq va boshqa bir necha shaharda yana namoyishga chiqqan.

BMT nazarida Suriya prezident Bashar al-Assad tutayotgan yo’l mamlakatni bugun yanada beqarorlashtirib, odamlar orasida davlatga nisbatan nafratni oshirib yuborgan.

BMT Bashar al-Assad va unga qarshi kurashayotgan muxolif kuchlarga sulh shartlarini eslatmoqda.

Xula qishlog'idagi manzara

Tomonlar qurolni tashlab, murosa qilishi kerak, deydi BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun.

Hozirda tashkilot Suriyada 200 dan ortiq qurolsiz kuzatuvchiga ega. Oy oxirigacha ular 300 ga yetadi.

2011-yilning mart oyidan beri tinmayotgan qozg’olon va qonli to’qnashuvlarda bugungacha 10 mingdan ziyod odam halok bo’ldi.