Suriyada prezident saylovlari 3-iyunga belgilandi

  • Amerika Ovozi

Suriya prezidenti Bashar Assad (markazda) Ayn al-Tinah qishlog'i aholisi bilan uchrashmoqda, 20-aprel, 2014-yil

Suriya parlamentining raisi prezident saylovlari 3-iyun kuni o’tishi haqida ma’lum qildi. Amaldagi rahbar Bashar Assad uch yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushiga qaramay uchinchi muddatga nomzodini qo’yishini aytgan.

Hukumat kuchlari poytaxt Damashq va yana bir necha shaharda Assad boshqaruviga qarshi kurashayotgan muxolifat va islomiy jangarilar bilan olishmoqda.

Parlament spikeri Jihod al-Laham ko’pdan beri kutilayotgan xabarni e’lon qildi. Biroq mamlakatning ko’p qismini zo’ravonliklar qamrab olgan bir paytda saylovlarni uyushtirishning iloji bo’larmikan?

Lahamning aytishicha, Suriya konstitutsiyasi va shu yil qabul qilingan saylov haqidagi qonunga ko’ra barcha fuqarolar prezident saylovlarida qatnashish huquqiga ega.

2011-yildan beri davom etayotgan mojaroda shu kungacha 150 mingdan ziyod odam o’lgan, 2,6 million suriyalik mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan. Aksariyati qo’shni davlatlarda qochqin.

Prezidentlikka da’vogarlar 1-maygacha Oliy sudda ro’yxatdan o’tishi kerak.

So’nggi kunlarda tashabbusni qo’ldan boy berayotgan isyonchilar Damashq tevaragida hukumat kuchlarini reaktiv snaryadlardan o’qqa tutdi. Sano davlat axborot agentligining xabar berishicha, raketalar parlament va Sog’liqni saqlash vazirligi binolari atrofida portlab, besh kishi o’lgan.

Muxolifatning harbiy qanoti bo’lmish Ozod Suriya armiyiasi vakili parlament binosi nishonga olinganini tan oldi. Suriya armiyasining ofitserlar klubiga ham hujum qilmoqchi edik, dedi u.

Oklaxoma universitetida Yaqin Sharqni o’rganish markazi rahbari Joshua Landis saylov kuni e’lon qilinganini istehzo bilan qabul qildi.

"Suriyada ovozlarning 99 foizini bir nomzod oladigan saylovlar ustidan doim mazah qilib kulardik. Endi esa yig’lashga majburmiz. Agar vaziyat bu qadar fojiali bo’lmaganida, yana kulardik", - deydi u.

AQShning Suriyadagi sobiq elchisi Richard Myorfining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Bashar Assadning saylovda takror ishtirok etishiga shubha yo’q. Uning saylovda g’alaba qozonishi oydek ravshan, deydi u.

Sobiq diplomatga ko’ra, muxolifat ichida birlik bo’lmagani uchun undan yagona nomzod ham bo’lmaydi. Ko’p suriyaliklar mamlakatni tark etgan yoki uy-joyini tashlab, Suriyaning boshqa joylariga ko’chgan bir paytda fuqarolarning saylovda ishtirokini ta’minlash va ovozlarni aniq hisoblash qiyin bo’ladi. Biroq nima bo’lganda ham, Assad mag’lub bo’lmaydi, deydi Myorfi.