Suriya muxolifati Yevropadan harbiy yordamni tezlatishni so’radi

  • Amerika Ovozi

Damashq, Suriya

Suriya muxolifati Yevropa Ittifoqini isyonchilarni tezlikda qurol-aslaha bilan ta’minlashga chaqirayapti.

Ittifoq hafta boshida Suriyaga qo’yilgan qurol embargosini qisman bekor qilgan edi.

Ittifoq rasmiylariga ko’ra, Yevropaning ayrim davlatlari isyonkor guruhlarni harbiy jihatdan qo’llab-quvvatlashi mumkin, ammo rasmiy Damashqqa nisbatan cheklov kuchda qolgan.

Prezident Bashar al-Assad armiyasining qurolsiz aholiga hujumlarini qaytarish uchun Yevropa yordamni tezlatishi lozim, deyiladi oppozitsiyaning bugungi bayonotida.

Biroq Yevropa davlatlari Amerika va Rossiya tomonidan kelasi oy rejalangan tinchlik anjumani qanday tugashini kutishni afzal ko’rayapti.

Bu orada BMT Inson huquqlari kengashi bugun Suriya hukumatini aholiga qarshi og’ir qurollarni qo’llagani uchun tanqid qiluvchi hujjatni muhokama qilmoqda.

Vashington tomonidan qo’llab-quvvatlangan bu rezolyutsiyaga Rossiya qarshi.

Bu davlat Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov so’zlariga ko’ra, hujjat Suriyadagi mojaroga tinch yechim topish harakatlariga ziyon qilishi muqarrar.