Suriya hukumati va muxolifati Himsga gumanitar yordam yetkazish xususida gaplashdi

  • Amerika Ovozi

Suriya muxolifati delegatsiyasi Shveysariyada hukumat bilan muzokara qilmoqda, Jeneva, 25-yanvar, 2014-yil

Suriya hukumati va muxolifati o’rtasida muzokaralar Shveysariyaning Jeneva shahriga ko’chirildi. Muloqotda vositachi rolini bajarayotgan BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili Laxdar Braximiyning aytishicha, bugun tomonlar qamoqxonalardan minglab mahbuslarni, jumladan ayollar, bolalar va qariyalarni ozod etish xususida gaplashmoqda.

Kecha ular ikki bor uchrashib, Himsdagi gumanitar ahvolni muhokama qilgan. Shaharning eski qismiga gumanitar yordam yetib bormagan. Muzokaralarda shunga imkon yaratish xususida gap borgan. Muxolifat vakiliga ko’ra, hukumat qamali natijasida Himsda oziq-ovqat yetishmayapti.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Edgar Vaskezning aytishicha, muxolifat Jenevada jiddiy muloqot qilyapti.

Oppozitsiya prezident Bashar Assad hokimiyatdan ketmaguncha, hukumat bilan bevosita muzokara qilmaymiz, deydi. Damashq bu talabni inkor etib, isyonchilarni terrorchilar bilan til biriktirganlikda ayblamoqda.

Jeneva muloqotidan asosiy maqsad Suriyada muvaqqat hukumatga kelishish, ammo tahlilchilar nazarida bunga umid juda kam.