Suriya jangarilarga qarshi kurashda G'arb bilan hamkorlikka tayyor

  • Amerika Ovozi

Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim

Suriya hukumati mamlakatdagi islomiy jangarilarga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyat, jumladan AQSh va Britaniya bilan hamkorlikka tayyor, ammo har qanday hujum Damashq bilan muvofiqlashtirilishi kerakligini ta’kidlamoqda.

Tashqi ishlar vaziri Valid Muallimning aytishicha, Suriya BMT Xavfsizlik Kengashida shu oy boshida qabul qilingan rezolyutsiyani amalga oshirishda yordam berishga tayyor.

Hujjatda Iroq va Shom islom davlati (hozirda Islom Davlati deb ham atalmoqda) hamda al-Qoidaga aloqador al-Nusra fronti guruhlarining moliya kanallarini kesish va xorijiy jangarilarning ularga qo’shilishiga halaqit berish choralari xususida gap ketadi.

Jangarilar ayni damda Suriya va Iroq shimolida faol harakatlanmoqda. Qo’shma Shtatlar bir necha kundan beri Iroqda islom davlati pozitsiyalarini havodan o’qqa tutib keladi. Buning natijasida kurd qo’shinlari Mosul to’g’onini jangarilardan tortib olishga muvaffaq bo’ldi.

Biroq aytish joiz, Qo’shma Shtatlar Suriya prezidenti Bashar Assadga qarshi bo’lib kelgan. Agar Suriya jangarilarga qarshi kurashda G’arb bilan hamkorlik qilsa, bu hol o’zgaradimi, yo’qmi, ma’lum emas.

Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallimning aytishicha, agar AQSh jangarilarni Damashq ruxsatisiz Suriya hududida nishonga olmoqchi bo’lsa, bu bosqinchilik deya baholanib, samolyotlari urib tushiriladi.