Suriyada ham hukumat, ham isyonchilar harbiy jinoyatlar qilayapti

  • Amerika Ovozi

Ozod Suriya armiyasi jangchilari

BMT inson huquqlari mutasaddilarining bildirishicha, Suriyada vaziyat jadal sur’atda og’irlashib borayapti va ham hukumat, ham isyonchilar harbiy jinoyatlar sodir etmoqda.

Mojaro tobora radikal, qonli tus olib, mazhablararo ziddiyat kuchaygan. Har ikki taraf yosh bolalarga qurol tutqazib qo’ygan, deydi BMT rasmiylari.

BMT Inson huquqlari kengashiga taqdim etilgan hisobot xalqaro hamjamiyatni Suriyaga qurol-aslaha uzatishni bas qilishga, buning butun mintaqaga ta’sirini inobatga olishga chaqiradi. Ikki yillik urushni faqat siyosiy yo’l, muzokaralar bilan hal qilish mumkin, boshqa usul yo’q, deyiladi hujjatda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning bugun Moskvada aytishicha, Suriyadagi ahvol yaxshilanayotgani yo’q.

Lavrov Suriya muxolifati bilan ko’rishib, har qanday yechim chet davlatlar aralashuvisiz, xalqdan chiqishi kerak, dedi.

Shuningdek, bugun faollarning aytishicha, hukumat Hims shahrining Bobo Amir tumanini bombardimon qilmoqda. Kecha isyonchilar bu manzil ustidan nazoratni qayta qo’lga olish uchun hujumga o’tgan edi.

O’tgan yili bir oy davom etgan olishuv natijasida armiya qo’zg’olonchilarni Bobo Amirdan siqib chiqargan, to’qnashuvlarda yuzlab odamlar nobud bo’lgan edi.

Bu orada, al-Qoidaning Iroqdagi bo’limi o’tgan hafta suriyalik 48 askar va iroqlik to’qqiz soqchini hayotdan olib ketgan hujum uning ishi ekanini da’vo qilayapti. Voqea Anbar viloyatida ro’y bergan.

Suriyada urush