AQSh va Rossiya Suriyada sulh bo'yicha vaqtincha kelishuvga erishdi

  • Amerika Ovozi

Himsda xuruj, 21-fevral, 2016-yil

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriyada sulh bo'yicha qisqa muddatli shartnomaga kelishib oldi. Ikki diplomat endi mintaqadagi ittifoqchilarini bitim shartlarini qabul qilishga ko'ndirib, ularning imzosini olishga harakat qiladi.

Kerriga ko'ra, Suriya armiyasi va isyonchi guruhlar o'rtasida otishma bir necha soat ichida to'xtatishi mumkin.

Bitim shartlari ommaga oshkor etilmagan.

Bugun Suriyaning Hims shahrida ikki portlash ro'y berib, kamida 60 odam o'lgan.

Isyonchi guruhlar koalitsiyasi vaqtincha sulhni qabul qilishga tayyor, ammo buning uchun Rossiya havo hujumlarini bas qilsin, hukumat esa Suriya-Turkiya chegarasidagi hujumlaridan qaytsin, demoqda. Koalitsiya Saudiya Arabistonida majlis qildi.

Biroq Rossiya sulhga qaramay terrorchilar nishonlarini bombardimon qilishda davom etishini bildirdi. AQSh nazarida Rossiya bombalari "Islomiy davlat" terrorchilarini emas, Prezident Bashar Assad hukumatiga qarshi jang qilayotgan isyonchilarni nishonga olmoqda.

Chegarada kurdlarning harbiy yutuqlaridan tashvishga tushgan Anqara ularni artilleriyadan o'qqa tutib, Suriyaga qo'shin kiritishini ma'lum qildi. Rossiya bunga norozilik bildirib, BMT Xavfsizlik Kengashida Turkiya harakatlariga qarshi rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi, ammo bir necha a'zo mamlakat uni rad etdi.

Assad matbuotga bergan intervyusida Saudiya Arabistonini Turkiya orqali 500 ta jangarini Suriyaga yuborganlikda aybladi.

Jenevada o'tgan so'nggi majlisda tinchlik jarayoniga homiylik qilayotgan tomonlar Suriya hukumati va isyonchilar qamalidagi yettita shaharga gumanitar yordam yetkazishga kelishib olgan. Shu hafta yuz minglab odam oziq-ovqat, dori-darmon bilan ta'minlangan.