Suriyaga doir muzokaralar natijasiz tugadi

  • Amerika Ovozi

Avstriya poytaxtida o’tgan anjumanga Amerika bosh diplomati Jon Kerri qatorida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov raislik qildi. Kerrining aytishicha, diplomatiyadan umid yo’q degan gaplar asossiz.

Suriya mojarosini hal qilishga harakat qilayotgan 17 davlat vazirlari tinchlik muzokaralarini qachon va qanday davom ettirish borasida kelisha olmadi.

Majlisdan bir natija shuki, qamal ostidagi shaharlarga oziq-ovqat havodan yetkazilishi mumkin.

Guruhga a’zo ayrim davlatlar, xususan, AQSh, Britaniya va Saudiya Arabistoni Suriya kelajagini Bashar al-Assadsiz ko’radi, Rossiya nazarida esa buni suriyaliklarning o’zi hal qilishi kerak.

BMT hisobiga ko’ra, besh yillik urushda 400 ming odamning yostig’i quridi. Havo hujumlari davom etayapti. Hukumat va muxolifat muloqotidan sezilarli natija bo’lgani yo’q. Gumanitar karvonlar shaharlarga kiritilmayapti. Venadagi majlisda mana shular muhokama etildi.

“Bu vaziyatga hech kim xotirjam qarab tura olmaydi”, - deydi AQSh bosh diplomati Jon Kerri.

Avstriya poytaxtida o’tgan anjumanga Kerri qatorida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov raislik qildi. Kerrining aytishicha, diplomatiyadan umid yo’q degan gaplar asossiz.

“Siyosiy jihatdan murosa qilinmasa, Prezident Assad uchun, Suriya xalqi uchun urush hali-beri tugamaydi”, - deydi AQSh davlat kotibi.

Agar Suriya masalasida avgust oyigacha o’zgarish bo’lmasa, Saudiya Arabistoni muxolifatga og’ir qurollar yetkazamiz, deya ishora qilgan. AQSh diplomatlari ham ilgari muqobil rejani tilga olgan edi. Ammo bu reja nimadan iborat ekani ma’lum emas.