Illinoys: Suriyalik qochqinlar taqdiri nima bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Chikagodagi suriyalik qochqinlar

Illinoys shtatining Chikago shahrida boshpana olgan oz sonli suriyalik qochqinlar bor. Amerika qochoqlarni qabul qilmasin deya yangrayotgan da’vatlar bu insonlarning shundoq ham og’ir hayotni yanada qiyinlashtirmoqda. Huquq himoyachilarining aytishicha, Parijdagi hujumlar ortidan kuchaygan qarshilik qochoqlar uchun ziyon.

Your browser doesn’t support HTML5

Illinoys: Suriyalik qochqinlar taqdiri nima bo'ladi?

Suriyaning Halab shahrida urush yillari yashash juda og’ir edi, deydi Asmat Halil Dado:

“Samolyotlardan bombalar tashlanar edi. Vertolyotlardan temir-tersak va kimyoviy modda solingan bomba uchardi. Kutilmaganda portlar edi”.

2011-yilda Dadolar oilasi jonidan to’yib Suriyadan qochdi. Joriy yilning boshida ular Amerikada o’rnashdi va astalik bilan yangi hayotga ko’nika boshladi. Lekin Parijdagi hujumlar ketidan bunday qochqin oilalarga atrofda xo’mrayib qaraydigan bo’lishdi, tekshiruvlar ko’paydi.

“Uning jismonan zaif qizi va yana uchta yosh bolasi bor. Nihoyat tinch nafas olamiz deb o’ylagan edi. Ularga hozir bosim yoki yoqtirmaslik hissi ortiqcha. Bor butidan ayrilib, Amerikaga bosh urib kelgan bu insonlarning ko’ksidan itarmaylik”, - deydi Syuzan Akras. U Illinoysda suriyalik qochqinlar bilan ishlaydigan tashkilot rahbari.

Parijdagi qonli hujumlardan keyin shtat gubernatori Bryus Rauner yaqinda yana 31 nafar boshqa respublikachi gubernator qatori suriyalik qochoqlarga boshpana berishga qarshilik bildirib chiqdi.

“Gubernatorlar qonunan qochqinlarni shtatdan itarib chiqara olmaydi. Lekin ularning gap-so’zlari sarson bu insonlarning dilini og’ritayotgan, begona his qildirayotgan bo’lishi aniq”, - deydi Akras.

Chikago shahar kengashi gubernator Raunerga tanbeh berdi. Kengash qochoqlarni quloch ochib kutib olishga tayyormiz, deya bayonot berdi.

Biroq qarshilar nazarida bu muhojirlar orasida terroristlar kirib kelishi mumkin, amaldagi tekshiruv izchil emas.

“Kirib kelayotgan har bir qochqin ming chig’iriqdan o’tadi, ularni obdon tekshirishadi. Tizimga ishonishimiz kerak”, - deydi Akras.

Tekshiruv haqiqatgan ham uzoq vaqt oladi. Yillar kutadiganlar bor. Dadolar oilasi, masalan, uch yil tekshirildi. O’rtacha kutish muddati shu, deydi Akras:

“Qo’shma Shtatlarga qochoq bo’lib kelaman deb 17 yillab kutib yurgan odamlarni bilamiz. Jarayon juda murakkab”.

Joriy yilda Illinoys suriyalik taxminan 130 odamni bag’riga oldi. Yaqinda yana 50 kishi qadam ranjida qilishi kerak edi. Lekin Parijda hujumlar bo’ldi. Endi qochqinlarning holi nima kechishini vaqt ko’rsatadi.