Tojikiston Afg’oniston bilan chegarani himoya qilishda xalqaro hamjamiyatdan yordam so’ramoqda

  • Amerika Ovozi

"Yordam hozir kerak, 10 yildan keyin emas"

Tojikiston Afg’oniston bilan chegarani himoya qilishda yordam so’radi

Tojikiston xavfsizlik xizmati Afg’niston bilan chegarani himoya qilish uchun yordam so’ramoqda.

Chegara xizmati bo’yicha mas’ul rasmiylardan biri Sharof Fayzulloyev so’zlariga ko’ra, Sovetlar davridan qolgan tizim samarasiz va eskirgan.

Jangarilarga qarshi kurashish qiyin, deydi u.

Fayzulloyevning aytishicha, bu muammolarni imkon qadar tez hal qilish lozim, chunki vaziyat mushkul.

Yordam hozir, ayni damda yetkazilishi kerak, 10 yildan keyin emas, deydi rasmiy.

Tojikiston rasmiylarining aytishicha, Afg’oniston shimolida NATO hujumidan qochgan Tolibon va al-Qoida mamlakatga kirib kelmoqda.

Qoradori savdosi eng dolzarb masalalardan.

Fayzulloyev Yevropa Ittifoqi madadidan umidvor.

Xalqaro koalitsiya Afg'oniston shimolida toliblar bilan olishar ekan, to'qnashuv, otishmalar bir necha bor Tojikiston hududiga ham o'tgan.

Afg'oniston-Tojikiston chegarasi 1340 kilometr keladi. Tojikiston sharqida, tog'li hududlarda jangarilar bilan olishuvlar kechgan. O'tgan yilning sentabrida 28 askarga hujum qilinib, bari o'ldirilgan edi.

Prezident Emomali Rahmon so'zlariga ko'ra, jangarilar ayniqsa, chekka joylashda o'rnashib ola boshlagan. 1992-1997 yillarda fuqarolik urushini boshidan kechirgan va tinchlik hamon zaif davlat yordamga ehtiyojmand.

Mamlakat Xitoy, Qirg'iziston va O'zbekiston bilan ham chegaradosh va sarhadlar uzunligi taxminan 4 ming kilometr ekani aytiladi.