Tolibon Ramazon oyida hujumlarini kuchaytirishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonlik tahlilchilarga ko'ra, Tolibon harakati rahbarining o'limi guruhni zaiflashtirmaganini ko'rsatish uchun Ramazon oyida hujumlarini kuchaytirishi mumkin.

O'tgan hafta Tolibon yetakchisi Mulla Axtar Mansur Pokistonda AQSh havo hujumida o'ldirilgan. Uning o'rniga o'rinbosarlaridan biri Haybatulla Oxunzoda tayinlandi.

“Tolibon hali ham kuchli va faol ekanini namoyish etish uchun ro'zada hujumlarini oshirishi mumkin", - deydi iste'fodagi afg'on generali Vohid Toqat.

Ramazon 6-iyundan boshlanadi.

Afg'oniston xavfsizlik mutasaddilari Tolibon hujumlariga tayyor ekanini aytadi.

Rasmiylarga ko'ra, 29-may kuni janubdagi Hilmand viloyatida toliblar bilan shiddatli janglar kechgan. Jangarilar uch tumanda hujum boshlagani aytiladi. Har ikki tomonda katta talafotlar bor, bir politsiya qo'mondoni o'lgan.