Afg'oniston Toliboni rasmiylari Pokistonga borgan

  • Amerika Ovozi

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi

Pokiston matbuotiga ko'ra, Afg'oniston Toliboni muzokaralar uchun Qatardagi idorasidan uch vakilni Pokistonga yuborgan. Delegatsiyaga Shahobiddin Dilovar rahbarlik qilmoqda.

Pokiston rasmiylari xabarni izohlamagan.

Islomoboddagi diplomatlar "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Tolibon delegatsiyasining shaharga kelganini tasdiqlagan, ammo tashrifdan asosiy maqsad nima ekanini aytishmagan.

Tolibon so'zlovchisi Zabihulla Mujohid "ha" deb ham, "yo'q" deb ham javob bermagan.

Seshanba kuni AQSh davlat kotibi muovini Elis Vels Islomobodda Pokiston rasmiylari bilan uchrashgan.

AQSh elchixonasi tarqatgan bayonotda aytilishicha, Davlat departamenti vakilasi uchrashuvlari chog'ida Prezident Donald Trampning Janubiy Osiyo strategiyasida qo'shni Afg'onistonda tinchlikni o'rnatishda Pokiston faol hamkorlik qilishi kerakligi bitilgani tilga olingan.

Vels Pokiston rasmiylarini mamlakatda faoliyat yuritayotgan Haqqoniy tarmog'i va boshqa terror guruhlariga qarshi chora ko'rishga chaqirgan.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligining elchi Vels gaplaridan iqtibos keltirishicha, AQShning Afg'oniston bo'yicha strategiyasining yutug'iga Pokiston ham salmoqli hissa qo'shgan.

Afg'oniston va AQSh rasmiylariga ko'ra, Tolibon va Haqqoniy tarmog'i Pokiston zaminidan turib Afg'onistonda jangari harakatlarini olib bormoqda. Islomobod jangarilarga yordam berayotganini inkor etib keladi.

“So'nggi yillarda Tolibon bilan aloqamiz va harakatga ta'sirimiz kamaygan, chunki rahbariyatining aksariyati Afg'onistonga ko'chgan", - dedi yaqinda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Pokistonning AQShdagi elchisi Ayzaz Ahmad Choudri.

Afg'oniston hukumati Tolibon bilan hech bir shartsiz muzokaraga tayyormiz, deydi.

“Toibon bilan istalgan joyda gaplashamiz", - deydi muzokaralar uchun mas'ul Oliy tinchlik kengashi a'zosi Akram Xpalvak.

Biroq Tolibon hukumat bilan muzokara qilish uchun shart qo'ygan.

“Islomiy Amirlik [Tolibon] xorijiy istiloga chek qo'yilib, islomiy tizimning mamlakatda tadbiq etilishini talab qiladi, biroq qarshi taraf [afg'on hukumati] bu borada aniq strategiyaga ega emas", - deyiladi Tolibonning Qatardagi idorasi tarqatgan bayonotda.

Tolibon Afg'oniston hukumati vakillari bilan shu hafta Turkiyada muzokara qilgani haqidagi xabarlarni inkor etdi.