Tolibon Karzay hukumati bilan muzokara qilayotganini inkor etmoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay

Tolibon Afg’oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralari olib borayotgani haqidagi xabarlarni inkor etmoqda. AQShning “Nyu-York Tayms” gazetasiga ko’ra, prezident Hamid Karzay AQSh ishtiroki va xabarisiz toliblar bilan maxfiy tarzda muloqot qilmoqda.

Biroq Tolibon so’zlovchisi Zabiulla Mujohidning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, xabarlar asossiz, ularni afg’on hukumati tarqatmoqda.

Unga ko’ra, Karzay bilan gaplashishdan foyda yo’q, chunki xorijiy istilo ostidagi mamlakat tizgini uning qo’lida emas.

“Nyu-York Tayms”ga ko’ra, Tolibon tashabbusi bilan boshlangan muzokaralar noyabr oyidan beri olib borilmoqda, ammo tomonlar kelisha olmayapti.

Bu o’rtada Pokiston hukumati mamlakatda harakat qilayotgan Tolibon harakati vakillari bilan Islomobodda uchrashishi kerak edi. Ammo xabarlarga ko’ra, uchrashuv bekor qilingan. Unda tomonlar muzokaralar rejasi xususida gaplashib olishi kutilgan edi.

Tolibon Pokistonda qonunchilik shariatga asoslangan bo’lishini istaydi, hukumat esa demokratik islohotlar tarafdori.