Yangi Zelandiya sudi musulmonlar qotiliga hukm chiqarishi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

Brenton Tarrant

O’tgan yil mart oyida Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida ikki masjidga qurol bilan bostirib kirib, 51 musulmonni o’ldirgan avstraliyalik oq tanli Brenton Tarrant ishi bo’yicha shu hafta sud hukmi o’qilishi kutilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 24-avgust, 2020-yil

Mahkamaning bugungi yig’ilishida terror xuruji qurbonlari yaqinlari guvohlik berdi. 29 yashar ayblanuvchi ularning hikoyalarini hissiyotsiz kuzatgani aytiladi.

Tarrant mart oyida unga qo’yilgan barcha ayblovlarga iqror bo’lgan. Prokurorlarning aytishicha, qotil hujumlarga puxta tayyorgarlik ko’rgan.

Tarrant qilgan ishidan pushaymon emasligini aytarkan, ko’proq odamlarni o’ldira olmaganidan va rejaga ko’ra masjidlarni yoqa olmaganidan afsusdaligini bildirgan.

Bosh qoralovchiga ko’ra, Tarrant qurollarni sotib olishga, masjidlarning tuzilishini o’rganishga, ko’proq qurbonlar bo’lishini rejalashga ko’p vaqt sarflagan.

Qurbonlardan birining onasi sudda Tarrantga murojaat qildi.

“Men seni kechira olmayman. Sen 51 nafar begunoh odamni o’ldirish vakolatini o’zingga beribsan. Ularning sening nazaringdagi birdan-bir jinoyati musulmon bo’lgani. Sen 49 odamga jarohat yekazding, ko’plab begunoh insonlar orzularini chilparchin qilding”, - dedi Maysun Salama ismli ayol.

Tarrant sudda beparvo ko’rindi guvohlik berayotgan odamlar ko’zlariga tik qarab.

Ayblanuvchi avf bo’lish imkonisiz umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin. Koronavirus pandemiyasi bilan bog’liq ehtiyot choralari tufayli ko’plab qurbonlar oila a’zolari mahkama ishida qatnasha olmadi.