Texasda zavod portlashi oqibatida o'nlab odam halok bo'lgan

  • Amerika Ovozi

Portlash oqibatida vayron bo'lgan zavoddagi manzara, Texas, 18-aprel, 2013-yil.

Kecha AQShning Texas shtatida kimyoviy o'g'it zavodi portlab, kamida 5 kishi o'lgani xabar qilinmoqda. Shtat rasmiylarining aytishicha, halok bo'lganlar soni 15 tagacha bo'lishi mumkin. Yaralanganlar esa 160 dan ortiq ekani aytilmoqda.

Voqea Texasning Vest shahri yaqinida ro'y bergan. Kuchli portlash oqibatida zavod yaqinidagi 50-75 uy vayron bo'lgan.

Shaharning 2800 kishilik aholisi, jumladan, bir qariyalar uyida yashovchi 100 fuqaro evakuatsiya qilingan. Politsiya qolib ketgan odamlar bor-yo'qligini aniqlash uchun hozir shahardagi barcha uylarda tekshiruv o'tkazmoqda.

Portlashga nima sabab bo'lgani ma'lum emas. Politsiya so'zlovchisi Patrik Svantonning aytishicha, har ehtimolga qarshi portlash bo'yicha jinoiy ish ochilgan, ammo voqeaning sababi baxtsiz tasodif bo'lishi mumkin.

Zavod yaqinidagi maktab stadioni yaralanganlarga tez tibbiy yordam ko'rsatish maydoniga aylantirilgan.

Talofat oqibatlarini bartaraf etish va jarohatlanganlarga yordam ko'rsatish maqsadida qo'shni shaharlardan ham tez tibbiy va favqulodda yordam guruhlari safarbar etilgan. Texas gubernatori Rik Perri vaziyatni o'rganish va aziyat chekkanlarga yordam berish uchun barcha zarur choralar ko'rilayotganni aytgan.

http://www.voanews.com/flashembed.aspx?t=vid&id=1643945&w=500&h=429&skin=embeded