Tailand hukumati musulmon isyonchilar bilan muzokara boshladi

  • Amerika Ovozi

Tailand Milliy xavfsizlik kengashi bosh kotibi Paradorn Pattanatxabutr (chapda) musulmon isyonchi guruh bilan muzokaradan oldin, Kuala-Lumpur, Malayziya, 28-mart, 2013-yil

Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda Tailand hukumati musulmon isyonchi guruh bilan ilk tinchlik muzokaralarini boshladi.

Muloqotdan asosiy maqsad zo’ravonliklarni kamaytirib, tomonlar o’rtasida ishonch rishtalarini o’rnatish, deydi Tailand rasmiylari.

Milliy inqilobiy front Tailand janubida hukumatga qarshi kurashayotgan bir necha qurolli guruhlardan biri bo’lib, so’nggi to’qqiz yilda qonli to’qnashuvlarda 5000 dan ziyod odam o’lgan.

Tailand Milliy xavfsizligi kengashining raisi Paradorn Pattanatxabut muzokaralardan foyda bo’lishiga ishonadi.

"Milliy inqilobiy front eng yirik isyonchi guruh bo’lib, u bilan kelisha olsak, zo’ravonliklarning kamayishi aniq. Front boshqa guruhlar bilan aloqa qilib, ularni ham tinchlikka da’vat etishga qodir", - dedi rasmiy.

Bugun janubdagi Narativat viloyatida isyonchilar harbiylarga hujum qilib, uch zobitni o’ldirgan, besh nafari yaralangan. Rasmiylar nazarida bu muloqotga qarshi guruhlarning ishi.

Janubda yashovchi musulmonlar markaziy hukumatni ularni kamsitayotganlikda ayblab keladi.