Tailand bosh vazirasi iste'foga chiqishdan bosh tortmoqda

  • Amerika Ovozi

Bangkokda hukumatga qarshi namoyishlar, Tailand, 2-dekabr, 2013-yil

Tailand bosh vazirasi Yinglak Shinavatra hukumatga qarshi namoyish qilayotgan muxolifat talablari konstitutsiyaga xilof bo’lgani uchun ularni qabul qila olmasligini bildirgan.

Shinavatra kecha muxolifat yetakchisi bilan bu borada gaplashgan. Uning aytishicha, namoyishchilar bosh vaziradan iste’foga chiqishni, parlamentni tarqatishni va hukumatni muvaqqat kengashga topshirishni talab qilmoqda.

"Bularning barchasi qonunga to’g’ri kelmaydi", - deydi bosh vazira.

Unga ko’ra, talablar qonun doirasida bo’lishi lozim.

Poytaxt Bangkokda hukumatga qarshi chiqishlar davom etar, namoyishchilar hukumat binolarini ishg’ol qilishga urinar ekan, politsiya ularga qarshi ko’zni yoshlantiruvchi gaz va suv qo’llamoqda.

Muxolifat turli kasb egalaridan iborat xalq kengashini tuzib, vazirliklarni ishg’ol qilgach, kengash vakillarini u yerga tayinlamoqchi.

Bosh vazira iste’foga chiqmasligini aytib, tomonlarni muloqotga chaqirgan.

Namoyishlar bir necha hafta burun e’lon qilingan amnistiya loyihasiga norozilik sifatida ko’rilmoqda. Senat hujjatni rad etgan. Loyiha tasdiqlangan taqdirda hukumat rahbarining akasi, sobiq bosh vazir Taksin Shinavatraga qo’yilgan korrupsiya bilan bog’liq ayblovlar bekor qilinib, u xorijdan vataniga qaytgan bo’lar edi.