Amerika bosh diplomati: Eron - terrorizm homiysi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson

Amerika bosh diplomati Reks Tillersonning aytishicha, Eron mintaqa uchun tahdiddir va bu yurtni tergab turmasa, butun dunyoning tinchini buzishi mumkin.

Tramp ma'muriyati Eronga doir siyosatni boshdan oyoq qayta ko'rib chiqmoqda.

Tillersonning aytishicha, Tehron terrorizmning homiysidir. Eron bir necha mojarolarni avj oldirish, AQShning Suriya, Yaman, Iroq va Livandagi manfaatlariga to'g'anoq bo'lish uchun mas'ul, deydi Tillerson. Isroilga qarshi hujumlarni qo'llab-quvvatlayotgan ham Tehron, deydi u.

2015-yilda Eron, Qo'shma Shtatlar va yana besh davlat Tehronning yadro dasturini tugatishga doir bitim imzolagan edi. Evaziga Eronga qo'yilgan sanksiyalar asta-sekin olib tashlandi. Tramp avvaldan bu kelishuvga qarshi va uni dunyodagi eng no'noq bitim deya tanqid qiladi.

Kelishuv Tehron kasb etgan yadroviy xavfni bartaraf etmadi, deydi Tillerson.

"Yadroviy maqsadlari bor davlat bilan erishilgan shartnomalar faqat vaqt yutishga xizmat qiladi. Keyin kelgan ma'muriyatlar yana o'sha muammo chigalini yechishga majbur", - deydi davlat kotibi.

Amerikada ayrim qonunchilar Eronga qo'yilgan sanksiyalarni olib tashlashga qarshi. Ammo AQSh hozir sanksiyalarni tiklasa, xalqaro shartnomani buzgan bo'ladi.