Bahrayn va BAA Isroil bilan diplomatik aloqalar o'rnatish haqida Vashingtonda bitim imzoladi

  • Amerika Ovozi

Imzolash marosimi paytida

Birlashgan Arab Amirliklari ketidan Bahrayn ham Isroil bilan diplomatik aloqa o’rnatishga qaror qildi. Vashingtonga tashrif buyurgan bu uch mamlakat rasmiylari ushbu jarayonga turtki bergan AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan bugun Oq uyda uchrashib, tarixiy hujjatga imzo chekdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 15-sentabr, 2020-yil

Bir oy oldin Birlashgan Arab Amirliklari va Isroil aloqa o’rnatishga kelishdi. O’tgan hafta esa Bahrayn ham shunga rozi bo’ldi. Shu paytgacha arab dunyosida faqat Misr va Iordaniya Isroilni tan olgan edi.

Tinchlik bitimi ketidan davlatlar o’rtasida chegaralar ochilib, bordi-keldi boshlanadi, ikki tomonlama savdoga yo’l ochiladi.

Bahrayn parlamentidagi shia qonunchilar kelishuvni qoralamoqda. Eronda istiqomat qilayotgan bahraynlik yetakchi shia imomi Shayx Iso Qosimning aytishicha, Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklari rahbarlari xalq xohishiga qarshi ish ko’rmoqda.

Falastin Muxtoriyati ham Isroil bilan aloqalar o’rnatilayotganiga qarshi chiqmoqda. Bugun G’azoda norozilik namoyishi bo’lib o’tdi, Isroil va AQSh rahbarlari hamda Fors ko’rfazidagi ikki mamlakat yetakchilarining suratlari yoqildi.

Falastinliklar bu davlatlarni xiyonatda ayblamoqda. Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylari ham, Bahrayn vakillari ham Isroil bilan munosabatlarda Falastin manfaatlarini himoya qilishlarini ta’kidlab o’tdi.