Trampni shilqimlikda ayblayotgan ayollar Kongressga murojaat qildi

  • Amerika Ovozi

Trampni shilqimlikda ayblayotgan ayollar

Prezident Trampni tegajog’likda ayblagan bir necha ayol yangi da’vo ochib, qonunchilardan bu masalani tergov qilishni, davlat rahbarini tartibga chaqirishni talab qilmoqda. Shu kunlarda Amerikada ish joylarida jinsiy tegajog’lik masalasida tarbiyaviy soatlar o’tkazilmoqda.

Trampning prezidentlikka kelganiga salkam bir yil bo’ldi. Nyu-York shahrida yashovchi bir guruh ayol uni shilqimlikda ayblamoqda.

“Amerikaliklar qarama-qarshi siyosiy qarashlarini chetga surib qo’yib, siyosatga aloqasiz umumiy qadriyatlari borligini anglashi zarur. Biz Kongressdan partiyabozlikni bir zumga unutib, Trampning o’tmishdagi ishqiy qilmishlarini tergov qilishni so’raymiz”, - deydi da’vogarlardan biri Reychel Kruks.

Yana bir ayol Jessika Lids Tramp bilan bir samolyotda ketayotganida sodir bo’lgan voqeani yodga oldi:

“Bir payt qarasam, meni o’pa boshladi, qo’llari bilan ushladi. Hech narsa qila olmadim”, - deydi ayol.

Tramp barcha ayblovlarni inkor etmoqda. Oq uy matbuot kotibasi Sara Xakkabi Sanders prezidentni himoya qildi.

“Bu ishlarni prezident ham, guvohlar ham inkor etmoqda. Prezidentning da’vosini guvohlar qo’llab-quvvatladi. Shunday ayblovlar bo’lganiga qaramay, xalq saylovda Trampga ovoz berdi”, - deydi u.

To’rt nafar qonunchi prezidentni axloqsizlikda ayblab, uni iste’foga chaqirdi.

Oktabr oyida Golivuddagi taniqli prodyuser Xarvi Vaynstayn o’xshash ayblovlarga duch kelishi ketidan nomdor siyosatchilar, jurnalistlar va kino sanoati vakillariga qarshi ayblovlar birin-ketin yangray boshladi, ba’zi qonunchilar va teleyulduzlar ishdan ketdi.