Tramp va Bayden saylovchilar bilan uchrashuvga otlanmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda 3-noyabrda bo’ladigan prezident saylovlariga sanoqli kunlar qolarkan, koronavirus bilan kasallanib, kasalxonadan o’tgan hafta boshida chiqqan Prezident Donald Tramp saylov kampaniyasini davom ettirishga tayyor ekanini aytmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 12-oktabr, 2020-yil

“Salomatligim yaxshi”, - dedi Tramp.

Shunga qaramay, 15-oktabrda Tramp va uning demokrat raqibi Jo Bayden o’rtasida kutilgan ikkinchi teledebat bekor qilindi. Debatlarni tashkil etuvchi komissiya Tramp kasallangani bois uni virtual shaklda o’tkazishni taklif etgan edi, biroq Tramp bundan bosh tortdi.

“Amerikada so’nggi 200 yildan beri debatlar yuzma-yuz o’tgan. Otam tadbirning teleko’prik orqali o’tkazilishini istamaydi. U sahnada turib, raqibining ko’zlariga qarab bahslashishni xohlaydi, ammo Bayden bundan qochyapti”, - dedi prezidentning o’g’li Erik Tramp.

Bayden saylov shtabi demokrat nomzod Tramp bilan 22-oktabr kuni yuzma-yuz bashlashishga tayyor ekanini aytarkan, davlat rahbari buning uchun virusdan xoli bo’lishi va salomatlik qoidalariga rioya qilishi kerak, deydi.

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Bayden Trampdan 12 foiz oldinda ketmoqda. Tramp bu hafta Florida va Pensilvaniyada, Bayden esa Ogayoda saylovchilar bilan uchrashishi kutilmoqda.

Ko’p shtatlarda odamlar oldindan ovoz berishni boshlagan. Viskonsinda saylovchilarning faol ekani ta’kidlanmoqda. Ba’zilar pochta orqali, kimdir esa saylov uchastkasiga borib erta ovoz beryapti.

“Erta ovoz berish bilan saylov kuni navbatlarning oldini olsa bo’ladi”, - deydi Bayden saylov shtabi rahbarlaridan biri kongressmen Sedrik Richmond.

AQSh Senati shu hafta Oliy sudda bo’sh qolgan o’ringa nomzodi ko’rsatilgan Eymi Koni Barret masalasini ko’rib chiqadi, tinglovlar o’tkazadi. Senat tasdig’idan o’tgan taqdirda Barret sentabr oyida vafot etgan sudya Rut Bader Ginzburg o’rnini egallaydi.