Britaniya elchisi Tramp tanqididan so'ng iste'fo berdi

  • Amerika Ovozi

Britaniyaning AQShdagi elchisi Kim Derrok

Britaniyaning Vashingtondagi elchisi Kim Derrok AQSh Prezidenti Donald Trampning unga qarshi keskin tanqididan so’ng iste’fo berdi. Diplomat bunday sharoitda o’z vazifalarini ortiq bajara olmasligini aytgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 11-iyul, 2019-yil

2016-yildan beri elchilik vazifasini bajargan Derrokning Trampni salbiy ma’noda tasvirlagan diplomatik telegrammalari oshkor etilganidan so’ng AQSh rahbari uni “Twitter”da ahmoq deb atadi.

Maxfiy deb belgilangan telegrammalarda Derrok Londondagi rasmiylarga Trampni qobiliyatsiz, ishonchsiz, layoqatsiz, Oq uy ma’muriyatini esa tartibsiz deb ta’riflagan.

Britaniya hukumati diplomatik hujjatlarni matbuotga kim oshkor etganini tergov qilmoqda. Tergovchilar nazarida, buning ortida biror xorijiy davlat emas, balki britan siyosatchisi turgan bo’lishi mumkin.

Britaniya Bosh vazirasi Tereza Mey elchi iste’fo berganini taassuf bilan ma’lum qildi.

“Janob Derrokning Birlashgan Qirollik oldidagi xizmatlari beqiyos va biz unga buning uchun cheksiz minnatdormiz. Yaxshi hukumat to’g’ri va samimiy maslahat beradigan davlat xizmatchilariga muhtoj”, - dedi bosh vazira.

Tramp elchini balandparvoz ahmoq deb atab, u bilan aloqa qilmasligini aytdi.

Britan rasmiylariga ko’ra, ikki davlat o’rtasidagi aloqalarning sovib ketmasligi uchun yangi elchini zudlik bilan tayinlash kerak.

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, Vashingtonning Britaniya elchixonasi bilan faoliyatida o’zgarish yo’q.

“Oq uy va prezidentdan yangi ko’rsatmalar kelmaguncha elchixonaning ro’yxatdan o’tgan barcha xodimlari bilan ishlashda davom etamiz”, - deydi Davlat departamenti matbuot kotibi Morgan Ortagus.

Bir necha haftadan so’ng Britaniyada bosh vazir almashishi kutilmoqda. Tashqi ishlar vaziri Jeremi Xant va sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Jonson Tereza Meyning o’rnini egallashga nomzodlardan.