Iqlim o'zgarishi Tramp uchun ustuvor masala emas

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp saylov kampaniyasi paytida ko’mir sanoatini tiklashga va’da bergan edi. Amerikaning 45-prezidenti 44-prezident Barak Obamadan farqli o’laroq, inson faoliyatining iqlim o’zgarishiga ta’siriga ishonmaydi. Buni uning so’nggi salkam bir yildagi siyosatidan ham bilsa bo’ladi.

Tramp prezidentlikka kelishi bilan Obama bekor qilgan ikkita neft quvuri qurilishini jonlantirdi. Prezident nazarida, energetik hukmronlik milliy xavfsizlikni ta’minlaydi.

“Xorijiy davlatlar energiya manbalaridan 40 yil davomida Amerikaga qarshi iqtisodiy qurol sifatida foydalandi”, - deydi Tramp.

Yangi texnologiyalar Qo’shma Shtatlarni eng yirik energiya importchisidan eksportchisiga aylantirdi.

Prezident Tramp bundan unumli foydalanmoqchi. U davlatga qarashli yerlarda ko’mir, neft, tabiiy gaz qazishni, yoqilg’i ishlab chiqarish sohasidagi cheklovlarni yumshatishni, iqlim o’zgarishiga qarshi qaratilgan qoidalarni bekor qilishni buyurdi. Jumladan, Obama prezidentligi paytida elektrostansiyalarga zararli gazlar chiqimi miqdori bo’yicha qo’yilgan cheklovlarni yo’q qildi.

“Amerika sanoatiga qarshi bunday hujum konchilar, energetika sohasi xizmatchilari, kompaniyalarga zarar yetkazdi”, - dedi Tramp.

Tramp tanqidchilariga ko’ra, aksariyat shtatlar sanoatlariga ziyon yetkazmay zararli gazlar chiqimini kamaytirishga muvaffaq bo’ldi. Trampning Parij iqlim bitimidan chiqqanini ham tanqid qilishdi.

“Bu shartnomaning iqlimga aloqasi yo’q. Shunchaki, uning bahonasida boshqa davlatlar Amerika hisobiga boyimoqchi”, - deydi Tramp.

Mutaxassislarga ko’ra, 2017-yil davrimizning eng issiq uch yilidan biri bo’ldi. Haroratning oshishi, dovullar, ob-havoning keskin o’zgarishi olimlar uchun yetarlicha dalildir.

Tramp bu masalada mamlakatni xato yo’lga boshlayapti, deydi tanqidchilar.

Jahon resurslar institutidan Nikolas Byankoning aytishicha, Tramp ma’muriyatining eski siyosatdan chekinishi sudda ko’rilmoqda.

“Da’volar ko’p. Keyingi yili yanada ko’payadi”, - deydi u.

Shaharlar, shtatlar, kompaniyalar norozi. Nyu-York shahar sobiq meri Maykl Blumberg atrof-muhit muhofazasiga jiddiy e’tibor berayotgan yirik guruhni boshqaradi.

“Parij bitimida belgilangan marraga erishish uchun Vashingtonning ko’rsatmasiga muhtoj emasmiz. Hukumat bu maqsadga yetishishda amerikaliklarga to’g’anoq bo’la olmaydi”, - deydi Blumberg.

Shamoldan va quyoshdan energiya olish arzonlashar ekan, mamlakatning ayrim joylarida an’anaviy yonilg’iga tobelik kamaymoqda.

Biroq Tramp ma’muriyati elektr quvvati ishlatiladigan joylarda ko’mirdan foydalanishni joriy etmoqchi. Prezident va uning atrofidagilar iqlim o’zgarishiga ishonmasa-da, dunyoning yetakchi olimlari insonning iqlimga salbiy ta’sirini isbotlab bo’lgan.