Oq uy koronavirus testlariga qo’shimcha pul ajratilishiga qarshi

  • Amerika Ovozi

Tramp ma’muriyati qonunchilarning shtatlarga koronavirusga testlar o'tkazish, kasallangan odamlar bilan aloqada bo’lganlarni topish, Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi va sog’liqni saqlash bilan shug’ullanuvchi boshqa idoralar uchun qo’shimcha pul ajratish rejasiga e’tiroz bildirmoqda.

Senatdagi respublikachilar AQShda virus bilan kasallanish va undan o’lish hollarini kamaytirish, ishsiz qolgan odamlarga yordam berish, iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan qonun loyihasi ustida ishlamoqda.

“Vashington Post” gazetasining xabar berishicha, Respublikachilar partiyasining Senatdagi ayrim a’zolari Tramp ma’muriyati qonun loyihasiga veto qo’yishi mumkinligidan norozi.

Test o’tkazish va kasallanganlar bilan aloqada bo’lganlarni aniqlash uchun shtatlarga 25 milliard dollar, Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi, Milliy salomatlik institutlari uchun ham 25 milliard dollar, Pentagon va Davlat departamentiga AQShda va xorijda pandemiyaga qarshi kurash uchun qo’shimcha mablag’ ajratish ko’zda tutilgan.

Respublikachi va demokrat qonunchilar hujjat bo’yicha muzokara qilmoqda. Ba’zilarning aytishicha, bu noyabrda bo’ladigan prezident saylovlaridan oldin so’nggi yordam paketi bo’ladi.

Joriy oy oxirida ishsizlik bo’yicha berilayotgan nafaqalar to’xtaydi. Prezident Trampning bir necha bor aytishicha, AQShda kasallanganlar sonining yuqoriligiga testlarning keng ko’lamda o’tkazilayotgani sabab bo’lmoqda, biroq sog’liqni saqlash mutasaddilariga ko’ra, testlar yetarli miqdorda o’tkazilayotgani yo’q.

Anonim manbalarning aytishicha, Oq uy muhokamadagi qonun loyihasida pandemiyaga aloqasi yo’q loyihalarga, jumladan, Federal qidiruv byurosi uchun yangi binoga mablag’ so’ramoqda.