Amerikada tanqidga eng ko'p uchragan prezident

  • Amerika Ovozi

Prezident Tramp Sharlotsvildagi tartibsizliklarda namoyishga chiqqan barcha taraflarni ayblagani uchun keskin tanqidga uchrayapti.

“Bir tarafdagi guruh o’zini nomaqbul tutdi, qarshi tarafdagilar ham zo’ravonlikka qo’l urdi. Hech kim buni tan olgisi yo’q”, - dedi AQSh rahbari.

Uning bu izohlarini muxolifdagi demokratlar va ayrim partiyadosh respublikachilar, jumladan Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan tanqid qildi.

“Ku-Kluks-Klan, neonatsistlar, oq tanli irqchilarga safimizda joy yo’q”, - dedi senator Kori Gardner.

Respublikachilar milliy qo’mitasi raisi Ronna Romni Makdaniyel ultra o’ng qanot guruhlarni qoralasa-da, prezidentni himoya qildi.

“Bizga sizlarning ovozlaringiz kerakmas. Ovoz bermang bizga. Sizga qarshi turamiz”, - dedi u irqchilarga qarata.

Turli tomondan bosimga uchragan Tramp dushanba kungi bayonotida irqchi guruhlarni qoraladi. Bir kun o’tib, qarshi tarafni ham aybladi. Bunday qarama-qarshilik prezidentning jangovar xarakteridan dalolat, deydi jurnalist Juli Peys.

“Bu o’z gapidan qaytmaydigan 71 yashar odam. Uni nazorat qilib bo’lmaydi, nazorat qilishga urinishlarni yoqtirmaydi. Tramp bilan axir qanday muomala qilish mumkin”, - deydi “Assoshieytid Press” axborot agentligi muxbiri.

Tahlilchi Skot Folknerning aytishicha, Tramp ko’p hollarda tanqidni o’ziga oladi.

“Tramp ba’zida unutilgan odam haqida gapirishni yaxshi ko’radi. Bir oz diqqat qilsangiz, gap o’zi haqida ekanini anglaysiz”, - deydi Folkner.

Prezidentning mamlakat bo’ylab reytingi 40 foizdan past bo’lishiga qaramay, Trampning turli mashmashalardan boshi chiqmayapti.

“Trampning prezidentligi juda ham betartib, odamlarning uning ishidan ko’ngli to’lmayapti. Oldingi prezidentlarning hech biri Oq uydagi ilk 200 kuni uchun reytinglarda bunchalik past baho olmagan”, - deydi Virjiniya universitetidan Larri Sabato.