Tramp Katta Yigirmalik sammitida: Ittifoqchilarimiz haqida qayg'uramiz

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp 27-iyun kuni Katta yigirmalik sammitida ishtirok etish uchun Yaponiyaning Osaka shahriga yetib bordi

Yaponiyada Katta Yigirmalik sammitida qatnashayotgan Prezident Donald Tramp AQSh ittifoqchilari haqida qayg'uradi, ularni himoya qiladi, deya ishontirishga urindi. Shu bilan birga, ittifoqchilar bilan savdo-sotiqda AQSh kamomadini ham qayd etib o'tdi.

Trampning ilk norasmiy uchrashuvi kechki taom ustida Avstraliya Bosh vaziri Skot Morrison bilan kechdi.

“Avstraliya AQShning ishonchli ittifoqchisi bo’lib kelgan. Biz ittifoqchilarimiz haqida qayg’uramiz. Ayrim ittifoqchilar bilan savdo munosabatlarida tanglik yuzaga kelgan. Shunday bo’lsa ham, ularga harbiy ko’makni uzganimiz yo’q”, - dedi Tramp.

Sammit doirasida AQSh rahbari Germaniya kansleri Angela Merkel, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Zinpin bilan uchrashadi.

AQSh-Avstraliya rahbarlari uchrashuvi

AQSh-Xitoy muzokaralarida asosiy mavzu savdo munosabatlaridagi tanglik va har ikki tomondan tariflarning oshirilishi bilan bog’liq bo’lishi kutilmoqda.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Tramp-Putin uchrashuvida kun tartibiga qo’yiladigan masalalar noma’lum. Biroq rahbarlar katta ehtimol bilan Ukraina, Yaqin Sharq va Venesuelaga doir masalalarni muhokama qilishi aytilmoqda.

Shuningdek, sammitda AQSh rahbaridan Tehronga bosimni davom ettirish, Eron neft savdosini cheklash orqali yadroviy dastur bo’yicha muzokaralarni yangilashga doir chaqiriqlar kutilmoqda.

Sammit ortidan Tramp Seulga uchib, Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In bilan uchrashadi. Tomonlar Shimoliy Koreya bilan yuzaga kelgan tanglikni yumshatish masalasini muhokama qiladi.