Trampga qarshi impichment moddasi Senatga oshirildi

  • Amerika Ovozi

Bugun AQSh Kongressi Vakillar palatasi sobiq prezident Donald Trampga qarshi impichment moddasini Senatga uzatdi. 26-yanvar kuni bir necha senator Tramp ustidan ikki haftadan keyin boshlanadigan impichment sudiga sudyalikka tayinlanadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 25-yanvar, 2021-yil

Demokratlar va respublikachi qonunchilarning bir qismi 6-yanvar kuni namoyishchilarning Kapitoliyga bostirib kirganini Trampdan ko’rmoqda. Sudda sobiq rahbarning noyabrdagi prezident saylovlarida ovozlar soxtalashtirilgani haqidagi da’volari ham unga qarshi ishlatilishi mumkin.

Impichment odatda amaldagi rahbarni hokimiyatdan olishni maqsad qiladi, biroq demokratlar prezidentlik muddati tugab bo'lgan Donald Trampning kelajakda siyosat bilan shug’ullanishiga chek qo’ymoqchi.

Kentuki shtatidan Senatga saylangan Rend Pol saylovga doir qo’shimcha taftish o’tkazishga chaqirmoqda.

“Ovozlar soxtalashtirilgani va saylov haqidagi qonunning buzilishiga doir ko’plab dalillar mavjud. Bu esa tergov sinchkov bo’lishini taqozo etadi”, - deydi qonunchi.

Kongress impichment jarayoni bilan band bo’larkan, qonunchilarda Oq uyda faoliyat boshlagan Prezident Jo Baydenning koronavirusga qarshi tashabbuslari bilan shug’ullanishiga vaqt bo’larmikan?

“Nazarimda har ikki masalani uddalashga imkon bo’ladi”, - deydi Minnesota shtatidan saylangan demokrat senator Eymi Klobuchar.

Bayden oldidagi eng katta muammo – koronavirusga qarshi emlash dasturini jadallashtirish. U prezidentligining ilk 100 kunida vaksinaning 100 million dozasini tarqatishga so’z bergan. Biroq ayrimlar bu raqamni kam deb aytmoqda.

“Bu eng quyi raqam. Eng yuqori emas. Hozirgi sharoitni aks ettiruvchi reja bu”, - deydi Bayden ma’muriyatida AQSh Bosh xirurgi bo’lishga nomzod Vivek Murti.

Dunyoda koronavirusga uchragan salkam 100 million odamning choragi amerikalik. Bu mamlakatda virusdan salkam 430 ming odam o’lgan.