Tramp Amerika infratuzilmasini yaxshilash rejasini e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp Amerikada yo’llar, ko’priklar, portlar va aeroportlarni ta’mirlash rejasini e’lon qildi. 10 yillik reja uchun 200 milliard dollar kerak, yana 1,5 dan 1,7 trilliongacha dollar shtatlar va xususiy sektordan ko’tarilishi kutilmoqda.

“Bu rejani o’z vaqtida va byudjetga ko’ra amalga oshirish uchun hukumat xususiy sektor bilan hamkorlikda ishlaydi”, - dedi Tramp.

Ayrim tahlilchilar rejani xomxayol deydi.

“Istalgan iqtisodiyotchi yoki matematikani biladigan odamdan so’rasangiz, buni toza fantaziya ekanini bilib olasiz”, - deydi Vashingtondagi “Amerika taraqqiyoti” markazidan Rayan Kollins.

Tramp rejasining ishlamasligiga yana bir sabab, deydi u, prezident taklif etgan soliq islohotida infratuzilma loyihalariga xarajatlar keskin kamaytirilgan. Xususiy sarmoyadorlar esa foyda yirik bo’lsagina loyihaga pul tikadi.

“Trassalardagi to’lovlar qiymati oshadi, chiptalar qimmatlashi mumkin, chunki loyiha uchun katta pul tikayotgan sarmoyadorlarga foydasini chiqarishga yordam berish kerak axir. Lekin shunda ham pul yetmaydi”, - deydi Kollins.

Uning aytishicha, ba’zi shtatlarda trassalarni xususiylashtirish yo’l uchun to’lovlarning oshishiga olib keldi, odamlar ko’tara olmayapti. Agar shtatlarni infratuzilma uchun xarajatlarni qoplashga majburlashsa, ular o’z navbatida fuqarolari uchun soliqlarni oshiradi, deydi ekspert.

Kongressdagi demokratlar ham rejani tanqid qilmoqda. Ularga ko’ra, loyiha yirik korporatsiyalarni soliq to’lovchilar hisobiga boyitishga qaratilgan. Ular infratuzilma uchun xarajatning bir trillion dollarini davlat ko’tarsin, demoqda, ammo bu usiz ham yirik AQSh qarzini yanada oshiradi.