Tramp Eron prezidenti bilan uchrashuvga tayyor ekanini ta'kidladi

  • Amerika Ovozi

Donald Trampning yana bir bor ta’kidlashicha, agar Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy yuzma-yuz muloqotga rozi bo’lsa, Qo’shma Shtatlar Eronga qo’yilgan sanksiyalarning bir qismini yumshatishi mumkin.

“Bo’lishi mumkin. Uchrashuvga e’tirozim yo’q. Eron pozitsiyasini aniqlashtirib o’tishi kerak, chunki hozir ular juda ham yomon ahvolda. Vaziyatni tuzatish qiyin bo’lmaydi”, - dedi Tramp.

AQSh rahbariga ko’ra, Eron katta moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda, sanksiyalar esa tobora kuchayib bormoqda.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyning aytishicha, AQSh sanksiyalarni bekor qilmas ekan, Tramp bilan uchrashuv haqida gap bo’lishi mumkin emas. Bunday muloqotdan foyda yo’q, dedi u.

Eron yadro dasturiga oid xalqaro bitim 2015-yilda imzolanishi ketidan AQSh sanksiyalarini bekor qilgan. Biroq Donald Tramp prezidentlikka kelishi bilan shartnomadan chiqib, sanksiyalarni tikladi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kelishuvni saqlab qolish niyatida Eronga 15 milliard dollar miqdorida kredit taklif qilib, bir necha kundan keyin Nyu-Yorkda ish boshlayotgan BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi doirasida Ruhoniy va Tramp o’rtasida uchrashuv uyushtirishga urinmoqda.