Tramp: Bag'dodiyning o'limi dunyoni xavfsiz qildi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, “Islomiy davlat” jangari to’dasining rahbari Abu Bakr Bag’dodiyning o’limidan so’ng dunyo ancha xavfsiz bo’ldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 28-oktabr, 2019-yil

AQSh rasmiylariga ko’ra, Bag’dodiy Suriyaning Idlib viloyatida maxsus amaliyot paytida o’lgan. Ba’zi mutaxassislarning aytishicha, Bag’dodiy o’lgani bilan jihodchi guruh faoliyati to’xtamagan.

AQSh maxsus kuchlari o’tkazgan operatsiya paytida tunnelga kirib olgan Bag’dodiy o’zini portlatib, yonidagi uch bolani ham halok qilgan. Trampning aytishicha, 11 bola hududdan olib chiqilgan, amerikalik askarlar orasida talafot yo’q.

“Ko’plab odamlarning hayotiga zomin bo’lgan vahshiy qotil yo’q qilindi. Bundan keyin gunohsiz odamlarga, ayollar va bolalarga zarar yetkaza olmaydi”, - dedi Tramp.

Iroqning Musul shahrini 2014-yilda ishg’ol qilgan Bag’dodiy “Islomiy davlat” xalifaligini e’lon qilib, o’zini xalifa deb e’tirof etgan. 2018-yil boshida Daish jangarilari ko’plab hududlardan haydab chiqarilib, xalifalik tugatildi.

Tramp AQSh qo’shinlari va amaliyotga yordam bergan davlatlarga minnatdorchilik bildirdi.

“Rossiya, Turkiya, Suriya, Iroq va bu ishda bizga ko’maklashgan suriyalik kurdlardan minnatdorman. Bu juda ham xavfli missiya edi”, - dedi Tramp.

Isroil bosh vaziri unga tabrik yo’lladi.

“Bu biz g’alaba qilishimiz kerak bo’lgan uzoq urushning bir qismi, muhim qismi”, - dedi Benyamin Netanyaxu.

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ham missiyani olqishladi, ammo jangari guruhga qarshi kurash tugamaganini aytdi.

Oy boshida Qo’shma Shtatlar Suriya shimolidan qo’shinlarini chiqarishi ketidan Turkiya hujumga o’tdi. Hududdagi kurdlar Rossiya va Suriya hukumatlaridan yordam so’rab, chegara rayonlarini tark etishga majbur bo’ldi.

AQSh senatori Lindsi Gremning aytishicha, suriyalik kurdlar va Turkiya o’rtasidagi ixtilofga chek qo’yish kerak.