Tramp-Kim uchrashuvi AQSh Senatida qizg'in muhokamada

  • Amerika Ovozi

AQSh qonunchilari Donald Trampning Shimoliy Koreya rahbari bilan Singapurdagi uchrashuvini turlicha baholamoqda. Prezidentning respublikachi partiyadoshlari uning bu siyosatini qo’llab-quvvatlamoqda, demokratlardan esa tanqidlar yog’ilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 13-iyun, 2018-yil - Tramp-Kim uchrashuvi Kongress muhokamasida

AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlarining birinchi tarixiy yuzma-yuz uchrashuvi Senatda qizg’in muhokama qilinmoqda.

“Prezidentni katta qadam bilan tabriklab, bu jarayon tarixiy tinchlikka yetaklashiga umid qilaman”, - dedi respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel.

“Muloqot haqoratlar va urush tahdidlaridan ko’ra yaxshiroq, albatta”, - dedi demokratlar sardori Chak Shumer.

“Bugun dunyo kechagiga qaraganda ancha xavfsiz, demak, to’g’ri yo’ldan ketyapmiz”, - dedi Qurolli kuchlar qo’mitasining respublikachi a’zosi Mayk Raunds.

Demokratlar nazarida, jadvalsiz hamda muhim shartlarni o’z ichiga olmagan kelishuvdan ehtiyot bo’lish kerak.

“Shimoliy Koreya bo’yicha siyosatimizga doir qabul qilingan eng zaif bayonot bu. Oq uy keyingi qadamlar qanday bo’lishini aniq ayta oladi degan umiddaman”, - deydi Tashqi aloqalar kengashining demokrat a’zosi Bob Menendez.

Demokrat senatorlar nazarida, Kim Chen Unning Tramp bilan uchrashgani va jiddiy majburiyatlarni o’z bo’yniga olmagani unga katta yutuq bo’ldi.

“O’z xalqini ochdan quritgan zolim diktatorga hurmat ko’rsatdik. Agar Shimoliy Koreyani konkret va davomiy majburiyatlarni o’z bo’yniga olishga unday olmasak, Kim Chen Un g’alaba qilgan, Tramp esa mag’lub bo’lgan bo’ladi”, - dedi Shumer.

Respublikachilar jarayon oson bo’lmasligini bilishini aytadi.

“50 yillik muammolarni bir uchrashuvda hal qila olamiz deb o’ylaganlar xato qiladi. Bu osonmas, bir kechada bo’lmaydi”, - dedi Raunds.

Har ikki partiya vakillari Pxenyan bilan aloqalar qanchalik yaxshilanmasin, hukumatining inson huquqlari bobidagi qabih siyosatini hisobdan chiqarmaslik kerak degan fikrda.

“Kim Chen Un – qotil, o’z xalqining qotili. Bunday odamning gapiga quloq solish akulaga qo’lda ovqat berish demakdir”, - dedi respublikachi Jon Kennedi.

“Shimoliy Koreyada gumanitar vaziyat, inson huquqlari dahshatli ahvolda ekanini unutmasligimiz kerak. Tramp Kim Chen Un sha’niga maqtovlar aytayotgani, Kanada bosh vazirini esa mensimayotgani tashvishli hol”, - deydi demokrat Jin Shaxin.

Muxolifatdagi qonunchilar nazarida, AQSh Janubiy Koreya va boshqa ittifoqchilar bilan maslahatlashmay turib, Osiyodagi harbiy mashg’ulotlarni bekor qilmasligi lozim.